Tibbiyot xodimlariga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Andijonda tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Xonobod shahridagi so‘lim “Xonobod” sihatgohi o‘tkazilgan asosiy bayram tadbiriga kirib kelgan fidoyi shifokorlar karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlari, shuningdek, viloyat tibbiy muassasalari jamoalarining ilg‘or vakillari, ustoz shifokorlar ishtirokidagi tadbirda mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, onalar va bolalar sog‘ligini muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda sidqidildan mehnat qilayotgan shifokorlarning xizmatlari alohida e’tirof etildi.
[gallery-20291]
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov soha xodimlarini kasb bayramlari bilan muborakbod etdi. Prezidentimizning tibbiyot xodimlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Bayram tadbirida Prezidentimiz farmoni bilan taqdirlangan soha xodimlariga orden va medallar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, yurtdoshlarimiz salomatligini saqlash yo‘lida samarali mehnat qilayotgan, bir guruh ilg‘or va faol tibbiyot xodimlari viloyat hokimining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirning badiiy qismida taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, raqslar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Bu kabi bayram tadbirlari barcha tuman va shaharlarda bir vaqtning o‘zida bo‘lib o‘tdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari