Tibbiyot xodimlariga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Mamlakatimizda keng nishonlangan tibbiyot xodimlari kuni Andijonda ham katta tantana bilan o‘tkazildi.
Mamlakatimizda keng nishonlangan tibbiyot xodimlari kuni Andijonda ham katta tantana bilan o‘tkazildi. Sohaning ilg‘or vakillari ishtirokida so‘lim Xonobod shahrida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda barcha sohalar qatori tibbiyot tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va saviyasi tobora yuksalib borayotgani ta’kidlandi.
Jumladan, birgina joriy yilning o‘zida Andijon viloyatidagi 20 ta tibbiy muassasada umumiy qiymati 88 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, 700 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachasi, 800 nafariga tayanch-harakatlanish va eshitish vositalari berildi. 2 ming 100 nafar faxriy va nogiron sihatgohlarga imtiyozli yo‘llanmalar bilan ta’minlandi. Viloyat aholisining 99 foizi to‘la patronaj xizmati bilan qamrab olindi. 1 ming 432 nafar mutaxassis malaka oshirdi, shundan 31 nafari rivojlangan xorijiy mamlakatlarda tajriba almashdi. Ana shu ishlar zamirida – aholi salomatligini muhofaza qilish, xalq tibbiyotdan rozi bo‘lsa, davlatdan rozi bo‘ladi, degan g‘oya qayd etildi.
Viloyat hokimi tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etib, Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, samarali faoliyati uchun turli orden va medallar bilan taqdirlangan soha xodimlariga davlat mukofotlarini, Paxtaobod tumanidagi Ozod qishloq vrachlik punktiga ambulans avtomashinasini topshirdi.
– Ilg‘orlar safida davlatimiz rahbari farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlanganimdan behad xursandman, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti kafedra mudiri, professor Zuhriddin Salohiddinov. – Samarali mehnatlarim e’tirofi sifatida berilgan ushbu mukofot nafaqat menga, balki butun jamoamizga, andijonlik shifokorlarga berilgan mukofotdir.
San’at ustalari, taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy- qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.