Tibbiyot xodimlari uchun seminar
FOTOREPORTAJ
Buxoro shahridagi 4-Oilaviy poliklinikada sog‘lom turmush tarzi asoslari va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha tibbiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi huzuridagi Aholi sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi mutaxassislari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillar, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari, ambulator-poliklinika muassasalari mudirlari hamda tibbiyot brigadalari a’zolari ishtirok etdi.
Seminar aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni shakllantirish, kasalliklar profilaktikasiga keng qamrovli yondashishga qaratilgan “Sog‘lom ovqatlanish” targ‘iboti va “Jismoniy faollik”ni oshirish konsepsiyasini hayotga tatbiq etish, hududlarda soha mutaxassislarini jalb etgan holda sog‘lom turmush tarzi asoslari va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, bu yo‘nalishda ustuvor bo‘lgan vazifalarni aholiga keng tushuntirish maqsadiga qaratilgan.
[gallery-7626]
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy faollik hamda ovqatlanish me’yor va qoidalariga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan taom va shirinliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish, shuningdek, yetarli darajada vitamin va minerallar iste’mol qilmaslik oqibatida yoshlarda ratsional o‘sish va aqliy rivojlanishda ortda qolish, kattalarda esa yurak qon-tomir, endokrin, xavfli o‘sma kabi insonning erta o‘limiga olib keluvchi qator kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Aholining sog‘lom ovqatlanishi va jismoniy faolligini ta’minlashda davlat siyosatini yanada mustahkamlash, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, har bir fuqaroda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik madaniyatini shakllantirishda tibbiyot xodimlari bilishi va targ‘ib qilishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilangan. Seminarda bu yo‘nalishdagi mavjud chora-tadbirlar va ularni samarali amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida so‘z bordi.
Tohir ISTATOV (surat),O‘zA