Tibbiyot xodimlari mehnati e’tirof etildi
Har yili yurtimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Navoiy viloyat hokimligida tadbir tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi Normat Tursunov sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini tabriklab, tizimda erishilayotgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson hayoti uchun muhim va zarur sohalardan biri bo‘lgan – sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish hamda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

E’tiborlisi, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining bilimi va kasb mahoratini oshirish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar bugun o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsatmoqda.
– So‘nggi yillarda viloyatimizda 128 ta birlamchi tibbiy yordam muassasalari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 269 taga yetkazilib, 2,3 baravarga oshirildi, – dedi viloyat rahbari. – Shuningdek, joriy yilning o‘zida viloyatda yangidan 27 ta oilaviy shifokorlik punkti, 6 ta oilaviy poliklinika hamda 116 ta mahalla tibbiyot punktining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada 400 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi. Ushbu sohani rivojlantirish uchun 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
O‘tgan yilda 20 ta ob’ektda 62,4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilda 32 ta ob’ektda 84,3 milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari bajarildi. Joylarda, ayniqsa, qishloqlarimizda aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

2023 yilda 56 nafar shifokor xorijiy davlatlarda malaka oshirgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida ular soni 132 nafarga yetdi. Buning natijasida yangi davolash va tekshiruv usullari yo‘lga qo‘yilib, chet el tajribasini viloyatda tatbiq etish orqali tibbiy xizmat sifatini oshirishga erishilmoqda.
Tizimda olib borilayotgan islohotlar natijasida, tajribali shifokorlar ko‘magida ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyatning o‘zida amalga oshirilishiga imkoniyat yaratildi.
Xususan, birgina joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda 2745 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Shuningdek, Bolalar milliy markazi bilan birgalikda 60 nafar bolada yurak tug‘ma nuqsonlarini bartaraf qilish borasida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, ular sog‘lom hayotga qaytarildi.
Tadbirda Prezidentimiz farmoniga asosan taqdirlangan Respublika tez tibbiy yordam markazining Navoiy viloyati filiali Qiziltepa tumani bo‘limi bosh feldsheri Gulnora Avezovaga II darajali “Salomatlik” ordeni, G‘ozg‘on shahri tibbiyot birlashmasi tibbiy brigada hamshirasi Munisa Namozovaga “Sog‘lom turmush” medali, bir guruh soha fidoyilariga viloyat hokimining faxriy yorliq, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri