Tibbiyot xodimlari kuni nishonlandi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi “Serenada” tantanalar saroyida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika tez tibbiy yordam markazi viloyat filialida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari, sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari va mas’ul xodimlari, faxriylar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Respublika tez tibbiy yordam markazi Surxondaryo viloyati filialining joylarda tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati yanada yaxshilanib, odamlarga ishonchiga kirdi. Filialning zamonaviy yangi avtotransport vositalari, kompyuter jihozlari va planshetlar bilan ta’minlangani bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Ayni paytda Respublika tez tibbiy yordam markazi viloyat filialida 215 ta zamonaviy jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinasi, 100 dan ortiq skuteri mavjud. Filial markazlashgan usulda elektron avtomatlashtirilgan tizim orqali boshqariladi.
[gallery-20256]
Tadbirda so‘z olganlar bemorlar dardiga shifo bo‘lish, xalqimiz salomatligini har tomonlama himoya qilishdek sharafli yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan soha xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi.
Mamlakatimizda erishilayotgan har bir yutuq, amalga oshirilayotgan ezgu tadbirlarda sog‘liqni saqlash xodimlarining o‘z o‘rni, mavqei bor, albatta. Chunki, xalq salomat bo‘lmagan joyda jamiyat ham taraqqiy etmaydi. Shu bois ham tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish va sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda sog‘liqni saqlash sohasidagi keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini berib, tibbiy xizmat sifati yaxshilandi.
Tadbirda viloyat ijtimoiy hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan viloyatda aholi salomatligini muhofaza qilishga, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng joriy etishga va tibbiy madaniyatni oshirishga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan tibbiyot sohasi xodimlarining katta guruhi faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbir san’at ustalari konserti bilan yanada fayzli bo‘ldi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA