Tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlandi
Qibray tumanidagi “Qibray” sihatgohida “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyatida tibbiyot sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan soha xodimlari, tajribali shifokorlar, tizim mas’ullari, faxriylar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, barcha tibbiyot xodimlarini tabrikladi. Qayd etish lozimki, keyingi yillarda tibbiyot sohasida tub islohotlar izchil amalga oshirilayotgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Aholiga birlamchi tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsadida, joriy yilda 2 ta oilaviy poliklinika va 8 ta oilaviy shifokorlik punkti ishga tushirildi.


Natijada birlamchi tibbiyot muassasalari soni 163 tadan 200 taga ko‘paydi. Yana bir jihat, Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining hududiy filiallari zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi, tizimga malakali mutaxassislar jalb etildi.
Joriy yil boshida viloyatdagi tibbiyot muassasalarida shifokorlarga bo‘lgan ehtiyoj 1 ming 41 shtat birligini tashkil qilgan. O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli zarur nomzod shifokorlar 312,75 shtat birligiga ishga qabul qilinib, viloyatdagi tibbiyot muassasalariga jalb etildi.


Vazirlar Mahkamasining 2022 yildagi tegishli qarori bilan Toshkent viloyatida 34 ta mahallalardagi olis va chekka hududlarda 34 nafar shifokorlar mehnat faoliyatini olib bormoqda. Yaratilgan imkoniyatlar evaziga olis va chekka hududlardagi shifokorlarga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplandi.


Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tor soha mutaxassislariga bo‘lgan talab yuqoriligi, mavjud vakant o‘rinlarini to‘ldirish maqsadida 2024-2025 o‘quv yili uchun klinik ordinatura qabuliga qo‘shimcha kvota ajratildi. Bu borada viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi kadrlarni tayyorlash va yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish to‘g‘risida uch tomonlama shartnomalarni imzolashga erishildi.

Tantanali bayram tadbiri davomida aholi salomatligi yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh soha xodimlariga davlat mukofotlari, shuningdek, faxriy yorliq va sovg‘alar tantanali topshirildi.
A.Musayev, O‘zA.