Tibbiyot xodimi o‘z ishiga qaytarildi
Andijon viloyati adliya boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan fuqarolar hamda tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Bo‘ston tumani adliya bo‘limiga fuqaro Mavludaxon Abdullayeva murojaat qilib, tuman tibbiyot birlashmasiga, o‘z ish joyiga qaytarilmayotganligi, ushbu masalada qonuniy yordam berilishini so‘ragan.
Murojaatda, tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limining navbatchi hamshirasi M. Abdullayeva tug‘ruq ta’tiliga qadar bir stavka shtat birligida tug‘uruqxona bo‘limida navbatchi hamshira vazifasida ishlagan. Tug‘ruq ta’tili tugab, u ishga qaytmoqchi bo‘lganidan birlashma ma’muriyati uni o‘z ish joyiga qaytarmagan.
Murojaatni o‘rganish davomida aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan tug‘ruq ta’tiliga chiqarilgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tug‘ruq ta’tilidan qaytgan fuqaro o‘z ishiga yoki ishlagan lavozim darajasidagi hamda oylik ish haqi kam bo‘lmagan boshqa ishga qabul qilinishi belgilangan.
O‘rganishlardan so‘ng adliya bo‘limi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga tegishli taqdimnoma kiritilib, fuqaro M. Abdullayeva o‘z ishiga qaytarildi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA