Tibbiyot xabarlari
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Akiko Fujii bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ta’kidlanganidek, BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonning ishonchli va yaqin hamkorlaridan bo‘lib, hozirga qadar tuzilma ko‘magida yurtimizda OIV infeksiyasi, tuberkulyoz, COVID-19 kabi yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash, aholini zarur dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Hamkorlikning hozirgi bosqichida sog‘liqni saqlash tizimida ta’minot zanjirini takomillashtirish, shuningdek, onkologik kasalliklarni davolash uchun zarur dori vositalarini birgalikda xarid qilish mexanizmini yo‘lga qo‘yish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Prezidentning joriy yil 24-iyundagi tegishli qarorida saratonoldi va saraton kasalligiga chalingan bemorlarni tashxislash hamda davolash uchun zarur dori vositalari, tibbiy sarf materiallari, reaktivlar, reagentlar va tibbiy jihozlarni BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda xarid qilish va hududlarga yetkazib berish belgilangan.
Vazirlik tomonidan ushbu vazifa ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Hozirgi asosiy vazifamiz – 2027-yil 1-yanvardan mazkur mexanizmning to‘liq, samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlashdan iborat. Bu borada bizga BMT Taraqqiyot dasturining xalqaro xaridlar va ta’minot zanjirini boshqarish borasida to‘plagan boy tajribasi qo‘l keladi, – dedi vazir.
Yakunda tomonlar ushbu hamkorlik onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni sifatli dori vositalari bilan o‘z vaqtida va uzluksiz ta’minlash uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
***
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bilan videokonferenqaloqa formatida muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida vazir JSST tomonidan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Ta’kidlanganidek, tashkilot yordami bilan mamlakatimizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish, milliy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish kabi yo‘nalishlarda qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Muloqotda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasini uzoq muddatli rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ayni paytda ishlab chiqilayotgan “Sog‘liqni saqlash – 2035” strategiyasi loyihasini tayyorlashda JSSTning xalqaro tajribasi va ekspertlik ko‘magi muhim ahamiyatga ega. Shu bois vazir tegishli mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish taklifini bildirdi.
Shuningdek, JSST Yevropa mintaqaviy qo‘mitasining 77-sessiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorgarlik jarayonlari ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, tomonlar DRG tizimini ishlab chiqish va joriy etishga tayyorgarlik masalasi yuzasidan ham muzokara olib bordi. Shu maqsadda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida imzolangan donorlik bitimi doirasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Aytib o‘tilganidek, mazkur loyiha tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish va ular uchun haq to‘lash mexanizmlarini takomillashtirish, sohada samaradorlik va shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlik bo‘yicha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi 2.0” doirasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilinib, unda belgilangan vazifalarni O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash islohotlari bilan uyg‘unlashtirish haqida so‘z yuritildi.
Muloqot yakunida tomonlar O‘zbekiston va JSST Yevropa mintaqaviy byurosi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Koreya Respublikasi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Delegatsiya tarkibidan Korea Foundation for International Healthcare (KOFIH) direktori Rejina Xan, Economic Development Cooperation Fund (EDCF) direktori Sangjin Kang, Research Institute of Sustainable Technology Innovation and Consulting (RISTI) direktori Vusong Li hamda mazkur tashkilotlar vakillari o‘rin oldi.
Muloqotda sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va biotexnologiya sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish, klinik va doklinik tadqiqotlarni kengaytirish, "Smart Biocluster" loyihasini amalga oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda sog‘liqni saqlash tizimiga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Koreya Respublikasi O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi muhim strategik hamkorlaridan biri ekanini ta’kidlab, ilm-fan, innovatsiyalar va biotexnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Koreya tomoni vakillari O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda taqdim etilgan tashabbuslarni yuqori baholab, o‘zaro hamkorlikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
***
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi hamda Saudiya Arabistoni Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi (SFDA) o‘rtasida ilk rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda farmatsevtika mahsulotlari muomalasini tartibga solish, dori vositalarining sifati va xavfsizligini ta’minlash, zamonaviy regulyator yondashuvlarini joriy etish hamda sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Markaz mutaxassislari yurtimizda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularning sifati va xavfsizligini baholash, laboratoriya nazorati va farmakonazorat yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish borasidagi tajriba bilan o‘rtoqlashdi.
Tomonlar ikki davlatning farmatsevtika regulyatorlari o‘rtasidagi aloqalarni tizimli asosda rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Shu maqsadda hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum loyihasini ishlab chiqish, mutaxassislar o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish, tajriba va axborot almashish, shuningdek, qo‘shma seminar hamda o‘quv dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ta’kidlash joiz, SFDA Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Maturity Level 4 (ML4) darajasiga baholangan dunyodagi yetakchi farmatsevtika regulyatorlaridan biridir. Shu bois mazkur tashkilot bilan yo‘lga qo‘rilayotgan hamkorlik Markazning xalqaro regulyator hamjamiyatiga integratsiyalashuvi va institutsional salohiyatini yanada mustahkamlash nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega.
Xususan, Saudiya Arabistoni regulyatori bilan tajriba almashish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish Markazning xalqaro talablar asosida faoliyat yuritishini takomillashtirish, ilg‘or regulyator mexanizmlarini o‘rganish hamda kelgusida JSSTning ML3 darajasiga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
***
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallari o‘rtasida navbatdagi multidissiplinar konsilium (MDT) yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda markaz va uning filiallarida faoliyat yurituvchi onkomammologlar, ximioterapevtlar, radiologlar, patomorfologlar, shuningdek, Amerikadan maxsus taklif etilgan professor ishtirok etdi. Mazkur MDT yig‘ilishining asosiy maqsadi onkologik bemorlarni tashxislash va davolash sifatini yanada takomillashtirish, murakkab klinik holatlarni multidissiplinar yondashuv asosida muhokama qilish, xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish hamda bemorlar uchun eng maqbul davolash taktikasini tanlashdan iborat.
Mohigul Qosimova, O‘zA