Tibbiyot xabarlari
Ijtimoiy tarmoqlarda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan ayrim tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ma’lum qilindi.
Unda 2023-2025-yillarda pulli tibbiy xizmatlar narxlarini shakllantirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani va jami 440 million so‘m ortiqcha to‘lov undirilgani qayd etilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bildirgan rasmiy munosabatga ko‘ra, mazkur davrda pulli tibbiy xizmatlar narxlari 2017-yilda tasdiqlangan Nizom asosida shakllantirilgan.
Unda xizmat tannarxiga kiritiladigan xarajatlar belgilangan bo‘lsa-da, ularning ayrimlarini bevosita yoki bilvosita xarajatlar tarkibiga kiritilishi bo‘yicha aniq me’yorlar yetarli darajada nazarda tutilmagan.
Shu sababli tibbiy xizmatlar tannarxini hisoblashda turlicha yondashuvlar qo‘llanilib, ayrim xizmatlar narxiga ortiqcha xarajatlar kiritilgani aniqlangan.
Bugungi kunga kelib, tibbiyot muassasalari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar bartaraf etildi. Tibbiy xizmatlar narxlari Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 718-son qarori talablariga muvofiqlashtirildi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar ko‘rsatish, tariflarni shakllantirish, hisob-kitob jarayonlarini raqamlashtirish hamda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
***
Yaqinda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori A.Sidikov boshchiligidagi delegatsiya AQSHning Michigan universitetida bo‘lib qaytdi.
Safar davomida dunyoning TOP-25 va tibbiyot yo‘nalishida jahonning TOP-20 universitetlari qatoriga kiruvchi Michigan universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Yetakchi professorlarni O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, xalqaro grant dasturlariga kirish imkoniyatlari yaratildi.
shuningdek, USMLE standartlarini tibbiy ta’limga integratsiya qilish bo‘yicha amaliy hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqildi.
***
Prezidentimizning Qurbon hayiti arafasida qabul qilgan qarori 13 mingga yaqin ana shunday yurtdoshlarimiz xonadonlariga umid va quvonch olib kirdi. Ushbu ezgu tashabbus doirasida joylarda yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilyapti.
Shu maqsadda respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining eng mohir shifokorlari tuman-shaharlarga borib, jarrohlik amaliyotlariga bosh-qosh bo‘lmoqda.
Xususan, Bolalar milliy tibbiyot markazi va Milliy tibbiyot markazining bir guruh yetuk shifokorlari tomonidan Samarqand viloyatining olis Ishtixon va tog‘li Urgut tumanlarida bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti va joylarning o‘zida yuqori texnologik amaliyotlar bajarildi.
Jumladan, Urgut tumanidagi zamonaviy qiyofa kasb etgan 21-son oilaviy poliklinikada bemorlar saralanib, sog‘lomlashtirish uchun mahalliy shifoxonaga yotqizildi.
***
Qirg‘iz Respublikasi Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hamrohligida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati, yaratilgan sharoitlar hamda zamonaviy infratuzilmasi bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlar markazda amalga oshirilayotgan ishlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va mavjud imkoniyatlarni yuqori baholadi.
Qirg‘izistonlik mutaxassislar ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo miqyosida bunday zamonaviy markaz faqat O‘zbekistonda mavjud bo‘lib, bu mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir muhim natijasi va katta yutug‘i hisoblanadi.
***
Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hujjatlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 3848, 04.06.2026 y.)ga asosan dori vositasini ishlab chiqarishda hayvon xomashyosidan olingan moddalar qo‘llanilgan hollarda, ularning tarkibida prionlar mavjudligi yoki mavjud emasligi hujjatlarda aniq ko‘rsatilishi lozim.
Shuningdek, dori vositasini tibbiyotda qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomaga xalqaro talablarga mos, reklama xususiyatiga ega bo‘lmagan qo‘shimcha ma’lumotlarni kiritishga ruxsat etiladi.
Bundan tashqari, dori vositasining genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO) saqlashi yoki ulardan olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham majburiy tartibda ko‘rsatiladi. Bunda genetik modifikatsiya turi va manbasi, qo‘llanilgan genetik konstruksiya va ekspressiya tizimi, biologik va ekologik xavfsizlik choralari, ishlab chiqarish jarayonida GMOdan olingan moddalar qo‘llanilgan bosqichlar hamda genetik xavfsizlikka oid hujjatlar haqida ma’lumotlar taqdim yetiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA