Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Ayni kunlarda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida “Sintetik narkotiklarning noqonuniy aylanmasidagi yangi tendensiyalar” mavzusida xalqaro malaka oshirish kursi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli trening Xalqaro huquqni muhofaza qilish akademiyasi (ILEA Budapest) va AQSH Narkotik moddalarga qarshi kurash agentligi (DEA) hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi Sinov markazi mutaxassislari ham ishtirok etayotir.
Trening doirasida sintetik narkotiklar, ularni ishlab chiqarish, tarqatish va “darknet” orqali savdo mexanizmlari, noqonuniy laboratoriyalar faoliyati va transmilliy narkotashkilotlar tarmog‘i, kiber-valyutalar, xalqaro qonunchilik va huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish va amaliy yechimlar muhokama qilinyapti.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xodimlari va 30 ga yaqin O‘zbekiston kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Eron –O‘zbekiston biznes forumi va "Pharmex" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada farmatsevtika, bio-o‘simliklar, tibbiy vositalar va sog‘liqni saqlash sohalaridagi eng yangi innovatsiyalar, mahsulotlar va xizmatlar namoyish etildi.
Yurtimiz vakillari safar davomida samarali aloqalar o‘rnatish, yangi texnologiyalar va mahsulotlarni tadqiq qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Delegatsiya vakillari "Shahid Beheshti" nomidagi universitetda bo‘lib, u yerda dorivor o‘simliklardan turli xil laboratoriya usullarida asosiy ta’sir qiluvchi moddalar ajratib olish ishlari bilan tanishdi. Kelgusida shu sohada hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
shuningdek, Eronning yirik "Razak Laboratories Co" va "Iran Darouk" korxonalarida bo‘lgan delegatsiya vakillari ishlab chiqarish sharoitlari, innovatsion yechimlar, yangi texnologik yondashuvlar bilan tanishdi va hamkorlik qilish yo‘llari muhokama qilindi.
***
“Turk Ilac” MCHJ korxonasiga "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri ishtirokchisi guvohnomasi taqdim qilindi.
Gap shundaki, “Turk Ilac” MCHJ korxonasi "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida yangi loyiha doirasida in’eksiyalar ishlab chiqarish va 200 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirgan. Yillik ish quvvati 80 mln. dona farmatsevtik in’eksiyalar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, “Turk Ilac” MCHJ ta’sischisi "Turk Ilac ve Serum Sanayi A.S." kompaniyasi bo‘lib, 2010 yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi maydoni 80 ming metr kvadratni tashkil qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA