Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Yaponiya davlatida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Yaponiyaning eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri “Daiichi Sankyo“ vakillariga O‘zbekistonda sohasida yaratilgan imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
“Daiichi Sankyo” kompaniyasida 18700 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi va 2022 yilda korxonaning daromadi 9,4 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.
Shuningdek, “Japan Cosmetic Industry Association“ Yaponiya kosmetika sanoati uyushmasi ijrochi direktori bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatimizda sifatli kosmetik vositalarga bo‘lgan talab va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Suhbat yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va yapon kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldi.
“Japan Cosmetic Industry Association“ uyushmasi kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, sertifikatlashtirish, sifat standartlarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Tashkilotning a’zolari orasida 1400 ta yapon ishlab chiqaruvchilari mavjud.
***
Surxondaryo viloyatida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi“ DM Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida“gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlab seminar tashkil qilindi.
Unda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, xususiy klinika mas’ullari hamda dorixona mudirlari va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda mutaxassislar yuqoridagi qarorning mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tibbiyot amaliyotida qo‘llash, saqlash, ularning noqonuniy muomalasini cheklash, jismoniy shaxslar tomonidan ulardan foydalanish hamda ularni yo‘q qilish tartiblari hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida batafsil tushuntirish berildi.
Shuningdek, tashrif doirasida viloyatdagi tibbiyot muassasalarining giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarga bo‘lgan yillik ehtiyojlari, ularning miqdoriy hisobini olib borish hamda ushbu moddalarning saqlash sharoitlarini nazorat qilish bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Tekshiruv davomida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
Aholi o‘rtasida kasalliklarning oldini olishda profilaktik uchrashuvlarning ahamiyati katta hisoblanadi. Shu bois, Xalqaro salomatlik jamg‘armasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda onkologik va yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida Andijon viloyatining Asaka hamda Marhamat tumanlarida aholi hamda tibbiyot xodimlari o‘rtasida seminar o‘tkazildi.
Unda vaksinatsiya yuqumli kasalliklarning oldini olishda asosiy profilaktik vosita hisoblanishi, faqat profilaktik emlash tufayli bir qator yuqumli kasallik bilan kasallanish hamda ushbu kasalliklarning asoratlaridan saqlanish mumkinligi to‘g‘risida ishtirokchilarga keng tushunchalar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlari qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha ma’lumot oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA