Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Jenevada JSSTning Farmatsevtika preparatlari spetsifikatsiyasi bo‘yicha Ekspertlar Qo‘mitasining 58-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Xalqaro tadbirda dunyo miqyosida farmatsevtika mahsulotlarining sifatini yaxshilash va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 60 dan ortiq masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Sessiyada 200 dan ortiq ekspertlar qatorida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi bosh muharriri, f.f.d professor Habibulla Jalilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Vakillarimiz xalqaro mutaxassislar bilan birgalikda farmatsevtika standartlari, mahsulotlarning sifatini tekshirish va ularni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish yuzasidan muhokamalarda faol qatnashmoqda.
58-sessiya doirasida dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlarining turli jihatlarini yanada takomillashtirish, zamonaviy tahlil usullari, xavfsizlik standartlari va ularni xalqaro tartiblarga muvofiqlashtirish borasida muhokamalar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, dori vositalari sifatiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy sessiyalar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xalqaro miqyosda erishilgan kelishuvlar va ishlab chiqilgan tavsiyalar kelgusida har bir mamlakatning farmatsevtika sohasidagi siyosatini shakllantirishga katta ta’sir ko‘rsatadi.
***
Sentyabr oyi davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga Huquqni muhofaza qilish organlaridan kelib tushgan 125 ta murojaat asosida noqonuniy muomalada aniqlangan dori vositalari va tibbiy buyumlar ekspertizadan o‘tkazildi.
Laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra 1384 turdagi 11339 o‘ram jumladan, 545 turdagi 3950 o‘ram davlat ro‘yxatidan o‘tgan va muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan, 705 turdagi 5695 o‘ram davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan, 122 turdagi 420 o‘ram yaroqlilik muddati tugagan, sifatsiz, 7 turdagi 20 o‘ram yorliqlash ko‘rsatkichi bo‘yicha (kontrafakt), 5 turdagi 1254 o‘ram qalbakilashtirilgan farmatsevtika mahsulotlariga tibbiyot amaliyotida qo‘llash mumkinmasligi bo‘yicha xulosa berildi.
Bu bilan sifati kafolatlanmagan mazkur dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida 2024 yilning 9 oyi davomida Referent narxlarni shakllantirish bo‘limi tomonidan 14736 ta nom va dozirovkadagi dori vositalarining referent narxlari qayd etildi. Bu o‘tgan yilning ayni shu davriga nisbatan 1,42 baravar ko‘p.
Qayd etilgan cheklangan narxlar haqidagi ma’lumotlar axborot tizimida besh yil davomida saqlanadi.
***
Dori vositalari sifatini nazorat qilish dasturini amalga oshirish doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi o‘z moddiy texnik bazasini turli xil detektorlar bilan jihozlangan LC-40D XR modelli beshta suyuq xromatograf bilan boyitdi.
LC-40D XR suyuq xromatograflari murakkab kimyoviy birikmalarni tahlil qilish uchun yuqori samarali qurilmalar bo‘lib, dori vositalarining sifatini nazorat qilishda muhim ahamiyatga ega. Mazkur uskunalar orqali tadqiqotlar aniqligi va tezligini oshirish mumkin.
M.Qosimova, O‘zA