Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekistonga shu yilning birinchi yarmida jami 67,4 ming nafar chet el fuqarosi davolanish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 31,1 ming nafarga yoki 85,8 foizga oshgan.
Xususan, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Tojikistondan 51 603 nafar, Qozog‘istondan 7 735 nafar, Qirg‘iz Respublikasidan 6 218 nafar, Rossiyadan 1 135 nafar, Turkmanistondan 587 nafar, Turkiyadan 24 nafar; Afg‘onistondan 19 nafar, Ozarbayjondan 9 nafar va boshqa davlatlardan 61 nafar chet el fuqarolari O‘zbekistonga davolanish maqsadida kelgan.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi litsenziatlar, litsenziyalovchi komissiyaning 2024 yil 4 sentyabrdagi qaroriga binoan bekor qilingan litsenziyalar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish va olib chiqish uchun berilgan sertifikatlar va tranzit ruxsatnomalar to‘g‘risidagi axborotlar yangilandi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va "Roche Pharmaceuticals" kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda hamkorlikning bir qancha muhim yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, zamonaviy dori vositalarining mavjudligini kengaytirishga qaratilgan qiymatga yo‘naltirilgan modellar yordamida bemorlarning innovatsion dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish yondashuvi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida batafsil harakatlar rejasini ishlab chiqish va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilish uchun navbatdagi uchrashuvni tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu tashabbuslar O‘zbekiston farmatsevtika sanoatida sezilarli yaxshilanishlarga olib kelishi va bemorlarga tibbiy yordam sifatini oshirishi kutilmoqda.
***
Milliy tibbiyot markazida markaz faoliyatini takomillashtirish hamda soha oldida turgan muhim vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida markazning malakali mutaxassislari tomonidan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga oid taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, markazdagi shifokorlarning ko‘rsatayotgan tibbiy xizmatlari sifatini yaxshilash hamda aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli bo‘lim boshliqlariga topshiriqlar berildi.
***
OIV/OITS kasalligini xususiy tibbiyot maskanlaridan yuqtirib olish holatlari ham uchrayotgani sababli Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Uchtepa tuman bo‘limi mutaxassislari, Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari bilan hamkorlikda tumanda faoliyat olib borayotgan xususiy tibbiyot maskanlari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida seminar mashg‘ulot o‘tkazildi.
Seminar davomida bir marotabalik tibbiy asbob anjomlardan foydalanish va foydalanib bo‘lingandan so‘ng utilizatsiya qilinishi shartligi, ko‘p marotabalik tibbiy anjomlarni yetarli darajada zararsizlantirish va zararsizlantirilgan anjomlarni saqlash qoidalariga amal qilish, doimiy ravishda xususiy klinikada kunlik zararsizlantirsh ishlarini olib borish bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar berilib, ushbu mavzuga oid eslatmalar tarqatildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA