Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Germaniya Federativ Respublikasining migratsiya kelishuvlari bo‘yicha maxsus vakili Yoahim Shtamp boshchiligidagi delegatsiya Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham bo‘ldi. «Migratsiya va mobillik» hukumatlararo bitim loyihasi doirasidagi nemis tilini o‘qitish dasturida ishtirok etayotgan hamshiralar bilan uchrashdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, «Migratsiya va mobillik» hukumatlararo bitim loyihasi yurtdoshlarimizni Germaniya standartlari asosida kasb-hunarga o‘qitish, nemis tilini o‘rgatish xususan, hamshiralarga ushbu davlatda yuqori daromadli ishlarga joylashish imkoniyatini yanada oshiradi.
***
Samarqand davlat tibbiyot universitetining Ko‘p tarmoqli klinikasi Jarrohlik markazida Daun sindromi bilan og‘rigan 200 dan ortiq bola uchun oftalmologik, stomatologik va otorinoloringologik skrining tekshiruvi o‘tkazildi.
Tekshiruvlar MESCA (Medical Excellence and Science in Central Asia) jamg‘armasi tomonidan Shveysariya, Toshkent va SamDTU nevrologiya kafedrasi mutaxassislari ishtirokida amalga oshirildi.
Jamg‘arma tomonidan eshitish bo‘yicha va stomatologik tekshiruvlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Bundan tashqari, SamDTU shifokorlari, ordinator va talabalari uchun sog‘liqni saqlash vazifalari bo‘yicha simpozium o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, keratokonus diagnostikasi va davolash bo‘yicha ochiq klinik trening bo‘lib o‘tadi. Daun sindromli bolalarning ota-onalari va o‘qituvchilari uchun mahorat darslari tashkil etiladi.

***
Toshkentda «Markaziy Osiyoda qalbakilashtirilgan tibbiy mahsulotlar va ular bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish» mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va AQSH Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur seminarda qat’iy nazoratdagi dori vositalarini xavfsiz ishlatishni ta’minlash, kelgusidagi mintaqaviy istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA