Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Tibbiyot sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash va sohaga zamonaviy boshqaruv usullari hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) xususiy sektorning tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdagi ulushini 2030-yilga qadar 30 foizga yetkazish;
(b) sog‘liqni saqlash sohasida investitsiya va davlat-xususiy sheriklik (keyingi o‘rinlarda – DXSH) asosidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda investorlarga kompleks xizmat ko‘rsatish;
(v) hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini va qulayligini oshirish;
(g) nodavlat tibbiyot tashkilotlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash orqali tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish.
II. Tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish
2. 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi hamda litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlarda bemorlarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi;
(b) milliy akkreditatsiya yoki Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyati (ISQua) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan (keyingi o‘rinlarda – xalqaro akkreditatsiya) o‘tgan tibbiyot tashkilotlari uchun bemorlarni Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolash bo‘yicha Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) bilan shartnoma tuzishda Sog‘liqni saqlash vazirligi ekspert komissiyasining xulosasini olish talabi bekor qilinadi;
(v) Jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lar doirasida bemorlarga tibbiyot tashkilotlarida ixtisoslashtirilgan ambulator tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘llanma berish tartibi joriy etiladi;
(g) bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larni tibbiyot tashkilotlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi hamda kasalliklar yo‘nalishlari kesimida oylik mablag‘lar hajmini belgilash tartibi joriy qilinadi;
(d) tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini faqat bunday buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida to‘xtatib turish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
(j) tug‘uruqni qabul qilish yo‘nalishida tibbiyot tashkilotlarini tashkil etishda bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
3. Milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga 2027 yil 1 maydan boshlab qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida transplantatsiya amaliyoti bilan shug‘ullanishga ruxsat berilsin. Bunda:
(a) nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish tartibiga rioya etilishi tibbiy faoliyat uchun litsenziya talab va shartlari etib belgilanadi;
(b) nodavlat tibbiyot tashkilotlarining inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyati “Xavfni tahlil qilish” tizimi orqali xavfi yuqori ko‘rsatkichga ega faoliyat hisoblanadi;
(v) nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan transplantatsiya amaliyoti amalga oshirilgan bemorlar va donorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar majburiy tartibda Sog‘liqni saqlash vazirligiga muntazam taqdim etib boriladi;
(g) Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan:
(i) transplantatsiya amaliyotini o‘tkazuvchi tibbiyot tashkilotining laboratoriyasi yoki autsorsing asosida respublikadagi boshqa laboratoriyalarda molekulyar-genetik tekshiruvlarni amalga oshirish bo‘yicha talablar belgilanadi hamda transplantatsiya amaliyotini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan majburiy tahlillar ro‘yxati tasdiqlanadi;
(ii) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda har yili Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda bemorlarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash inobatga olinadi;
(iii) transplantatsiya jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgandan so‘ng bemorlarni reabilitatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi. Bunda nodavlat tibbiyot tashkilotining reabilitatsiya muddati davomida javobgarligi, shuningdek, bemorlarning hayoti
va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lab berish masalalari belgilanadi.
III. Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun institutsional tizimni takomillashtirish
4. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) etib qayta nomlansin.
5. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Agentlikka quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
(a) nodavlat tibbiyot tashkilotlari tarmog‘ini rivojlantirish, ularning sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiyasini ta’minlash, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish borasida ularni qo‘llab-quvvatlash;
(b) tibbiyot tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar (keyingi o‘rinlarda – investitsiya)ni jalb etish, DXSH va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
(v) davlat tibbiyot tashkilotlarini strategik rivojlanish dasturlari asosida boshqaruvga berishda ishtirok etish;
(g) sog‘liqni saqlash tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida mahalliy va xorijiy investorlarga konsalting va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash;
(d) sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning master rejasini ishlab chiqishga va uni takomillashtirib borishga ko‘maklashish.
6. Agentlik ta’sischiligida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Health Invest” kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda – Kompaniya) tashkil etilsin.
7. Quyidagilar:
(a) “Health Invest” kompaniyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Davlat ishtirokidagi tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini takomillashtirishning asosiy mexanizmlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Agentlik qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin va quyidagilar uni shakllantirish manbalari etib belgilansin:
(a) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining beg‘araz asosda ajratiladigan 10 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari;
(b) tibbiyot muassasalarini yoki tibbiyot tashkilotlaridagi ulushlarni sotishdan tushgan tushumlarning 20 foizi;
(v) xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari;
(g) qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Belgilab qo‘yilsinki, Kompaniyaning ustav fondi Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m miqdorida shakllantiriladi.
10. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:
(a) Sog‘liqni saqlash vazirligi:
(i) sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning master rejasi asosida tibbiyot sohasini, shu jumladan, xususiy sektorni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilaydi;
(ii) DXSH loyihalari bo‘yicha davlat sherigi sifatida faoliyat yuritadi, Agentlik bilan birgalikda investitsiya va DXSH loyihalarini amalga oshirish uchun davlat tibbiyot muassasalarini, yer uchastkalarini, bino va inshootlarni belgilaydi;
(b) Agentlik:
(i) investorlarni aniqlaydi va ular bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi, yangi investitsiya loyihalari (grant loyihalari bundan mustasno) va DXSH asosidagi loyihalarni ishlab chiqadi, ularni manfaatdor tomonlar bilan kelishishga ko‘maklashadi hamda DXSH loyihalarini Sog‘liqni saqlash vazirligiga tasdiqlash uchun kiritadi;
(ii) tayyor investitsiya paketlarini shakllantiradi, investorlarga investitsiya loyihalari va DXSH asosidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonida ko‘maklashadi va monitoring qiladi;
(v) Kompaniya:
(i) Sog‘liqni saqlash vazirligi va o‘z tizimidagi xo‘jalik jamiyatlarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini shakllantirish, kelishish va amalga oshirishda Agentlikka ko‘maklashadi;
(ii) unga boshqaruvga topshirilgan tashkilotlarning hamda mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ulushlarning samarali boshqarilishini ta’minlaydi. Bunda Kompaniya yangi xo‘jalik jamiyatlarini, shu jumladan, buyurtmachi funksiyasini bajarish bo‘yicha injiniring kompaniyasini tashkil etishi mumkin. Kompaniyaga va uning boshqaruvidagi tibbiyot tashkilotlariga, istisno tariqasida, o‘z ehtiyojlari uchun olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan dori vositalari va tibbiy jihozlarni, shuningdek, konsalting, ekspertlik va tahliliy xizmatlarni “taklif so‘rovi” xarid qilish tartib-taomili orqali xarid qilishga ruxsat etiladi.
11. Agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda 2027-yil 1-aprelga qadar davlat tibbiyot muassasalarini boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi strategiyani ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
(a) samarasiz faoliyat olib borayotgan tibbiyot muassasalariga aniq mezonlar asosida DXSH va boshqa shakllarda xususiy sektorni jalb qilish;
(b) tibbiyot muassasalarini korporativ boshqaruv tamoyillari asosida transformatsiya qilish, shu jumladan, kuzatuv kengashlarini tashkil etish, mustaqil a’zolar ishtirokini ta’minlash, menejment faoliyatini KPI asosida baholash va tashkilot rahbariyatini muddatli mehnat shartnomasi asosida lavozimga tayinlash tizimini joriy etish.
12. 2026 yil yakuniga qadar tibbiyot muassasalari faoliyatini zamonaviy boshqaruv modellari asosida samarali tashkil etish maqsadida sinov tariqasida “Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi”, “Bolalar milliy tibbiyot markazi”, “Milliy tibbiyot markazi” davlat muassasalari va “Ko‘pfunksiyali tibbiyot markazi” MCHJ hududi bilan birga Kompaniya boshqaruviga o‘tkazilsin.
13. Agentlikka:
(a) quyidagi qo‘shimcha shtat birliklari ajratilsin:
(i) Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan – 20 ta (shu jumladan bitta direktor o‘rinbosari);
(ii) byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan – 13 ta;
(b) Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan malakali ekspertlar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga ruxsat berilsin.
14. Belgilansinki, Agentlik direktoriga sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari uchun belgilangan vakolatlar beriladi hamda uning zimmasiga sog‘liqni saqlash sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, DXSH loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq vazifalar yuklatiladi.
IV. Tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga xususiy sektorni keng jalb etish
15. Belgilab qo‘yilsinki:
(a) “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 200 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ochilib, tadbirkorlik sub’ektlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridan boshqa tuman (shahar)larda, shuningdek, chegara hududlarida yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tibbiyot markazlarini (keyingi o‘rinlarda – Klinikalar) tashkil qilish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan 3 foiz band yuqori stavkada 10 yil muddatga (3 yillik imtiyozli davr bilan) 10 million dollargacha ekvivalent miqdorida milliy valyutada imtiyozli kredit ajratiladi. Bunda:
(i) “O‘zmilliybank” AJ tomonidan Klinikalarni tashkil etish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlariga kredit ajratish uchun ularga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tijorat banklariga resurs ajratilishiga ruxsat beriladi;
(ii) Klinikalarni barpo etgan tadbirkorlik sub’ektlariga loyihaning o‘zini oqlash davriga mos muddatlarga mutanosib ravishda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hisobidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha asosiy stavkaning 50 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanadi;
(b) Klinikalar zimmasiga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygandan so‘ng 3 yil muddatda milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish majburiyati yuklatiladi;
(v) hududlardagi aholi soni, salomatlik ko‘rsatkichlari, kasallanish darajasi, tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, Klinikalarni tashkil etishga oid talablar, shu jumladan, texnik talablar, ularning joylashuvi, faoliyat yo‘nalishlari va boshqa muhim parametrlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari quyidagilarni amalga oshirish choralarini ko‘rsin:
(a) Klinikalar tashkil etish uchun tanlab olingan yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi bilan davlat sherigiga ajratish;
(b) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish orqali Klinikalar tashkil etish uchun tegishli yer uchastkalarini belgilangan tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali elektron onlayn auksion savdolariga chiqarib borish;
(v) Klinikalarni qurishda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga (elektr, tabiiy gaz, suv, kanalizatsiya, yo‘l va boshqalar) ulanish bo‘yicha ustuvorlik berish.
17. Sog‘liqni saqlash vazirligining 2027-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Samarqand viloyatida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari bino-inshootlarini qurish va ularda rekonstruksiya ishlarini olib borish bo‘yicha quyidagi takliflari ma’qullansin:
(a) ob’ektlarda tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mablag‘lari hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida qurilish-montaj ishlarini olib boradi;
(b) qurilish-montaj ishlari yakunlangandan so‘ng belgilangan tartibda ob’ektlarda nazorat o‘lchovi o‘tkaziladi;
(v) ob’ektlarni qabul qilish ishlari yakunlangach tadbirkorlik sub’ektlariga belgilangan mablag‘lar to‘lab beriladi.
V. Soliq va bojxona imtiyozlari
18. Belgilansinki:
(a) tibbiyot tashkilotlarida ishlash uchun jalb etiladigan chet el fuqarosi bo‘lgan shifokor, menejer, konsultant va tibbiy jihozlarga xizmat ko‘rsatadigan texnik mutaxassislar uchun:
(i) 2029-yil 1-mayga qadar ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida;
(ii) O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berish uchun yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi;
(b) Klinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ularni zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash ishlari tegishlicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zsuvta’minot” AJ korxonalari hisobidan amalga oshiriladi.
19. Belgilansinki, 2026 yil 1 iyuldan boshlab 2029-yil 1-iyulga qadar soliq to‘lovchi tomonidan o‘zining har bir xodimi va uning har bir oila a’zosi uchun yiliga 10 million so‘mdan oshmagan miqdorda to‘lanadigan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallari uchun xarajatlar foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
20. Tibbiyot tashkilotlari tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun respublika hududiga olib kiriladigan tibbiy jihozlar, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda ularga qo‘llanadigan sarf materiallari, shuningdek, A toifadagi maxsus tibbiyot maqsadlariga mo‘ljallangan yangi avtotransport vositalari 2026-yil 1-iyundan boshlab 2029-yil 1-iyungacha bo‘lgan muddatga import bojxona bojidan ozod qilinsin. Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan avtotransport vositalarining muvofiqligini baholash, ularning miqdoridan qat’i nazar, muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
21. Sog‘liqni saqlash vazirligi:
(a) uch oy muddatda sohada amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan DXSH loyihalarini inventarizatsiyadan o‘tkazsin hamda ma’lumotlarni Agentlikka taqdim etsin;
(b) 2026 yil yakuniga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(i) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda xo‘jalik jamiyatlariga aylantirilib, ularning aksiyalari (ulushi) investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun Kompaniyaga beriladigan yoki belgilangan tartibda sotiladigan davlat tibbiyot muassasalarining ro‘yxatini belgilash;
(ii) qiymati 10 million AQSH dollari va undan ortiq bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini belgilash.
22. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda:
(a) Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ushbu Farmonda nazarda tutilgan imtiyozlarni amaliyotga joriy etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
(b) Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda belgilangan talablar asosida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qurilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarida rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan sotib olish mexanizmlari yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. Sog‘liqni saqlash vazirligi:
(a) uch oy muddatda:
(i) Adliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonuniga akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan inson a’zolari hamda to‘qimalarining transplantatsiyasini amalga oshirishga ruxsat berish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
(ii) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berish uchun yig‘im miqdorini mazkur Farmon talablariga muvofiq belgilash bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
(b) Agentlik, Jamg‘arma bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar tibbiyot tashkilotlari xizmatlarining ommabopligini ta’minlash, narxlarni tartibga solish, sifat nazoratini amalga oshirishni nazarda tutuvchi takliflarni;
(v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
24. Hisob palatasi 2026-yil yakuniga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida amalga oshirilgan DXSH loyihalarini tanqidiy o‘rganib chiqsin va natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
26. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri E.E. Adilov belgilansin.
27. Ushbu Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev