Tibbiyot sohasi xodimlarini asraylik
bugungi murakkab pandemiya sharoitida xalqimiz salomatligini asrash, ularni koronavirus xastaligidan himoya qilish yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlariga ayrim odamlar tomonidan bo‘layotgan qo‘pol munosabatlar jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali Samarqandda shifokorlarni do‘pposlagan ota haqida tarqalgan xabarni o‘qigan ko‘plab odamlarning bu voqeadan dili ranjidi. Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yil 15 iyul kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani “Zarbdor” oilaviy shifokorlik punktida joylashgan tez tibbiy yordam bo‘limiga tumanning Qo‘shquduq mahallasida yashovchi fuqaro X.M. mast holda keladi va 22 yoshli o‘g‘li M.J. betob ekanligini aytib, shu kuni o‘z navbatchiligini o‘tayotgan shifokor T.F. va feldsher N.I.dan tezda uning yashash manziliga borishni aytadi.
Arzimagan bahona sabab sarmast holatdagi ota feldsher hamda shifokorga qo‘l ko‘tarib, ularni haqoratlab, kaltaklaydi. Natijada darg‘azab ota qamoqqa olindi. Shifokorlar hayotiga tahdid bilan bog‘liq bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.
Xo‘sh, odamlarni tibbiyot xodimlariga qo‘pol munosabatda bo‘lishlariga nima sabab bo‘lmoqda? Poytaxtimiz aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi “Tez tibbiy yordam”da xizmat qilayotgan xodimlar bilan telefon orqali bog‘lanib, ularning mulohazalariga quloq tutdik.
— Markazimiz shahar bo‘yicha chaqiruvlarni qabul qilib, tumanlarga yo‘naltiradi, — deydi o‘zini Dildora deb tanishtirgan markaz xodimi. —Ayni paytda bizga volontyorlar xizmati ham yordamga kelgan. Bemorning uyiga 20 daqiqada “Tez yordam” mashinasi borishi zarur. Ammo ko‘pincha bemorlarni shifoxona, tug‘ruqxonaga joylashtirish, ya’ni hujjat ishlari sababli vaqt cho‘zilishi mumkin. Ayni paytda COVID bo‘yicha 1003 koll xizmati markazi ishlayapti. Hozir virus kuchaygan paytda mashinalar bemorlar uyiga 20 daqiqada yetib borishi qiyin bo‘lmoqda, ba’zida 30 daqiqada ham borishga to‘g‘ri kelyapti. Iloji boricha odamlarni to‘g‘ri tushunishga, ular bilan chiroyli muomala qilishga harakat qilamiz. To‘g‘ri, joni og‘rib turgan paytda kasal odam yaxshi gapirishni istamaydi. Mayli qattiq gapirsa ham, qo‘pol muomalada bo‘lsa ham tushunamiz, chidaymiz, ammo shifokorlarga qo‘l ko‘tarishga aslo haqlari yo‘q. Bemorlar orasida betob bo‘lishiga qaramay chiroyli muomala qiladigan, o‘zini bosib olganlari ham ko‘p.
— Yaqinda qizimning tomog‘i og‘rib, birdan issig‘i ko‘tarilib ketdi, — deydi Sergeli tumanida yashovchi Dilorom Yaxshiyeva. — Koronavirus emasmikan, degan fikr hayolimga keldi-yu, zudlik bilan “Tez tibbiy” yordamga qo‘ng‘iroq qildim. Menga xizmat ko‘rsatayotgan operator qiz bilan salom-alik qilgandan so‘ng, charchamayapsizmi qizim, sog‘liklaringiz yaxshimi?, deyishimni bilaman, qizning o‘pkasi to‘lib, yig‘lab yubordi. Noto‘g‘ri muomala qildimmi, deya xavotir olib turgandim, “Opajon bir yildan buyon odamlardan yaxshi gap eshitganim yo‘q, hamma bemorlar qo‘ng‘iroq qilib, nuqul haqorat qiladi”, deydi bechora xafa bo‘lib. Dardimni eshitgach, uy raqamimni yozib oldi. O‘n daqiqa o‘tmay, “Tez tibbiy yordam” mashinasi yetib keldi.
O‘tkan yilgi pandemiya sharoitida shifokor dugonam Zangiotadagi shifoxonada o‘n to‘rt kun ishladi. Ota-onasi uzoqda. Qaynonasi olamdan o‘tgan. Turmush o‘rtog‘i chet elda ishlaydi. Ikkita yosh bolasini qo‘shnisining uyida qoldirib ketishga majbur bo‘ldi. Qo‘shni ayol uning bolalariga qarab turdi.

— O‘n to‘rt kun davomida tinimsiz niqob va maxsus kiyimlarda yurishning o‘zi bo‘lmadi, — deydi dugonam o‘sha kunlarni eslab. — Unisi ham mayli, bu yoqda bolalarim ota-onasiz qiynalishdi.
Shifokorlar odamlar sog‘lig‘i, hayoti uchun kerak bo‘lsa o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib mehnat qilayotgan bir paytda odamlarning ularga qo‘pol muomalada bo‘lishga, haqorat qilishu kaltaklashga haqqi bormikan?
Xalqimizda yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, yomon gap bilan musulmon dinidan, degan yaxshi maqol bor. Odamlar tibbiyot xodimlariga qo‘pol muomalada bo‘lsa, ular ham vaqt yo‘qotadi, asabiylashib nimasidir esdan chiqib qolishi yoki ayrimlari xizmatga norozi bo‘lishi mumkin. Agar odamlar ularga chiroyli muomala qilsa, tibbiyot xodimlari ham bemor yoniga shoshib keladi, og‘rinmasdan qaraydi. Mehnati uchun bemordan bir og‘iz rahmat eshitsa, kasbidan minnatdorlik hissini tuyadi.
Nigora Rahmonova, O‘zA