Tibbiyot oliygohlari talabalarini birlashtirgan olimpiada
Samarqand davlat tibbiyot universitetida Xalqaro talabalar olimpiadasida Polsha, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ukraina, Belarus, Turkiya va Ozarbayjon respublikalaridan 76 ta tibbiyot oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari va 3000 dan ortiq talabalar onlayn va an’anaviy tarzda ishtirok etdi.
“Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining III Xalqaro olimpiadasida yosh olimlarning ilmiy ishlari va START-UP loyihalari tanlovi ham o‘tkazildi.
Ishtirokchilar oflayn va onlayn tarzda 70 ta seksiyada 35 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etdi. Unda odam anatomiyasi, fiziologiya, patologik fiziologiya, patologik anatomiya, sud tibbiyoti, tibbiy muloqotda ingliz tili, tibbiy biologiya, gistologiya, patologiya va embriologiya, mikrobiologiya, tibbiy kimyo, biologik kimyo, farmakologiya, tibbiyot tarixi, xirurgiya, neyroxirurgiya, bolalar xirurgiyasi, travmatologiya va ortopediya, ichki kasalliklar, yuqumli kasalliklar kabi tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

Olimpiada g‘oliblari va faol ishtirokchilar 1, 2, 3 darajali diplomlar hamda turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Xalqaro olimpiada doirasida SamDTU talabalari uchun chet ellik va respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari, pediatriya va stomatologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 18 ta master-klass o‘tkazildi.

Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universitetining Yevrosiyo sog‘liqni saqlash va ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Aynur Feyzio‘g‘lu xonimga universitet ilmiy kengashi qaroriga ko‘ra, SamDTU professori faxriy unvoni berildi.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining III xalqaro olimpiadasi yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, salohiyati va ilmiy izlanishlaridan samarali foydalanish, fundamental va klinik fanlar o‘qitish sifatini yanada oshirish, mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zA