Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari olimpiadasi
Buxoro davlat tibbiyot institutida tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining IV xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi.
Olimpiadada Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus, mamlakatimizdagi davlat hamda nodavlat tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridan 200 dan ortiq talaba qatnashdi.

Ishtirokchilar bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. Olimpiada g‘oliblari va faol ishtirokchilar 1-, 2-, 3-darajali diplomlar hamda turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Xalqaro olimpiada doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari uchun chet ellik va mahalliy yetakchi mutaxassislar tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari, pediatriya va stomatologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 20 ga yaqin mahorat darsi o‘tkazildi.
–Xalqaro olimpiada yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, salohiyati va ilmiy izlanishlaridan samarali foydalanish, fundamental va klinik fanlar o‘qitish sifatini yanada oshirish, mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, –deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev.

Natijalarga ko‘ra, BuxDTI va Asfandiyorov nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti jamoasi 1- o‘rinni, Voronej davlat tibbiyot universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi jamoasi 2-o‘rinni, Tojikiston tibbiyot universiteti, Samarqand DTU harbiy tibbiyot akademiyasi talabalari esa faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri