Tibbiyot: oftalmologiyada yosh olimlarning o‘rni
Tashkil topganiga uncha ko‘p bo‘lmagan Milliy tibbiyot markazining Ko‘z mikroxirurgiyasi bo‘limida faoliyat yuritayotgan yosh tajribali oftalmolog jarrohlar tomonidan katarakta, glaukoma (ko‘ruv nervining shikastlanishiga olib keladigan ko‘z kasalliklari), pterigium, astigmatizm, xalyazion kabi o‘nlab turdagi murakkab operatsiyalar amalga oshirilmoqda.
Markazda tashkil etilgan “Ilg‘or oftalmologiyada yosh olimlarning o‘rni va roli” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ko‘z kasalliklari va uning oldini olish borasida sohaga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, konferensiyada markazning yosh malakali oftalmologlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti hamda Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu konferensiya oftalmologiya sohasida ilg‘or diagnostika va davolash usullari, innovatsion yondashuvlar bo‘yicha ham muhokamalarga boy o‘tgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Milliy tibbiyot markazi boshqa shifoxonalardan farqli ravishda, universal hisoblanadi. Bu yerda jarrohlik, urologiya, transplantologiya, travmatologiya-ortopediya, ginekologiya, kardioxirurgiya, nefrologiya, kardiologiya, endokrinologiya, kardiorevmatologiya, stomatologiya va boshqa bo‘limlar tashkil etilgan. Jami 169 turdagi 1000 dan ziyod ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatilgan.

Markaz 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ambulator va statsionar tartibda 200 dan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Yiliga uch mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi qator yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish quvvati va imkoniyati mavjud.
Mohigul Qosimova, O‘zA