Tibbiy xizmat sifati yanada yaxshilanadi
Prezident topshirig‘i amalda
Mamlakatimiz Prezidentining yaqinda Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi, barcha shahar va tumanlarda davom etayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning yanada jadallashuviga katta turtki berdi. Xususan, boshlangan bu ezgu ishlarning samarasini g‘ijduvonliklar har kuni kundalik hayotida his qilib, unga bevosita guvoh bo‘lmoqda.

Tumanda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida amalga oshirilgan yana bir yangilik barchani birdek xursand qildi.
Ta’kidlash lozim, Prezidentimizning G‘ijduvon tumanida belgilab berilgan vazifalaridan kelib chiqqan holda aniq maqsadga yo‘naltirilgan va izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada aholiga davlat tomonidan kafolatli, bepul shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimini tashkil etish ishlari qisqa fursatlarda boshlab yuborildi.

Tumanda sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish maqsadida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va malakali kadrlarga ega shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limini shakllantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Buning amaliy natijasi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan G‘ijduvon tumani markaziy kasalxonasiga 53 turdagi jami 4,5 milliard so‘mlik 425 dona zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirildi.

Ushbu tibbiy jihozlarni topshirish marosimida tuman hokimi Sh.Ashurov ishtirok etdi. U mamlakatimizda xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismonan sog‘lom hamda ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratib kelinayotganligini ta’kidladi. Tibbiyot xodimlari va aholiga G‘ijduvon tumanida tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida ko‘zda tutilgan rejalar xususida axborot berib o‘tdi. Xususan, tibbiyot tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ushbu zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilishga qaratilganini alohida e’tirof etdi.

– Endilikda g‘ijduvonliklar davo istab poytaxtga otlanishiga zarurat qolmaydi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Marat Ro‘ziyev. – Chunki, ilg‘or zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida davolashning deyarli barcha zamonaviy usullari endilikda o‘zimizda ham qo‘llaniladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.