Tibbiy reabilitatsiya – zamonaviy yondashuvlar
Toshkent tibbiyot akademiyasi «Tibbiy reabilitatsiya – yangi yondashuvlar» mavzusidagi I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga mezbonlik qildi. Dunyoning yetakchi tibbiyot oliygohlari va klinikalarining tajribali olimlari, yetakchi mutaxassislari ishtirok etgan mazkur anjumanda sohaga doir ilg‘or tajribalar, innovatsion ilmiy ishlanmalar bilan yaqindan tanishish imkoniyati tug‘ildi.
Tibbiy reabilitatsiya ko‘p tarmoqli soha bo‘lib, pedagogik, psixologik va boshqa bir qancha faoliyat turlari uyg‘unligiga ehtiyoj sezadi. Bu esa jahon tibbiyot olimlari va mutaxassislarining bir maqsad yo‘lida birlashish, o‘zaro tajriba almashib faoliyat yuritishini taqozo etadi. Ushbu tadbir ayni shu maqsadga qaratilgani va ilk marta Toshkentda o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tibbiy reabilitatsiya masalasi bugungi kunda butun dunyo tibbiyoti zimmasiga jiddiy vazifalarni qo‘ymoqda. Shulardan biri turli sohalar mutaxassislari ishining muvofiqlashtirilishi masalasidir.
Kasallik yoki shikastlanish natijasida yo‘qotilgan normal ruhiy holatlarni maksimal darajada tiklash, inson tanasining fiziologik funksiyalari va ishlash qobiliyatini saqlab qolish juda muhim.
Anjumanda rossiyalik yetakchi olimlar Covid-19 ning ko‘rinishi va uning butun dunyo bo‘ylab tarqalishi jarayonidagi muammolarga to‘xtaldi. Fikrlarga ko‘ra, koronavirusga chalingan odamlar shifoxonalarni butunlay sog‘lom tark etishmaydi. Ya’ni kasallikni boshidan kechirgan bemorlarda uyqu buzilishi, depressiya, qon tomir va o‘pkadagi o‘zgarishlar besh-o‘n yil davomida ham turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘lib turishi taxmin qilinmoqda.
– Koronavirus infeksiyasini davolashdan so‘ng shifoxonadan chiqarilgan bemor o‘zini mutlaqo sog‘lom his qilmasligi tabiiy holat, – deydi Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi M.Razumov. – Hatto yengil shaklda kasal bo‘lganlar ham kamida psixologik reabilitatsiyaga muhtoj bo‘ladi. Kasallikdan so‘ng barcha bemorlarda kuchsizlik, bosh og‘rig‘i, nafas qisishi, ortiqcha terlash va tushkun kayfiyatlar saqlanib qoladi. Shu bois, ushbu simptom majmuasiga "Koviddan keyingi sindrom" shartli nomi berilmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari taqdim etgan ilmiy ma’ruzalarda bemorlarni davolashda tibbiy reabilitatsiya muhimligiga urg‘u berilib, asosan nafas olish gimnastikasiga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Yevropa hamda Rossiyaning nufuzli klinikalari, maxsus reabilitatsiya markazlari mutaxassislari tomonidan sohaga doir ilg‘or tajribalar, innovatsion ilmiy ishlanmalar taqdim etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA