“Tib qonunlari” hamon tabobatning mufassal qomusidir
Poytaxtimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent farmatsevtika instituti va “Ibn Sino” jamoat fondi bilan hamkorlikda “Abu Ali ibn Sino va zamonaviy farmatsevtikada innovatsiyalar” mavzusidagi an’anaviy VI Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.
Jahon tibbiyoti va farmatsevtikasiga hissa qo‘shgan olim Abu Ali ibn Sinoning insoniyatga qoldirgan boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, tibbiyot va farmatsevtika sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 300 nafar mahalliy olim, ekspertlar, shifokorlar, farmatsevtlar, kimyogarlar, biologlar hamda Belarus, Vengriya, Germaniya, Isroil, Koreya, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Hindistondan xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanda Abu Ali ibn Sinoning innovatsion g‘oyalari, tibbiyot falsafasi, xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlashdagi o‘rni, stomatologiya rivojidagi hissasi, axloqiy va tarbiyaviy qarashlari haqida ma’ruzalar taqdim etildi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Abu Ali ibn Sino Sharq va G‘arb ilm-fani, ma’rifati, madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘z davrida “Shayx ur-rais”, “Olimlar boshlig‘i”, “Tabiblar podshohi” kabi yuksak maqomlarga sazovor bo‘lgan. “Tib qonunlari” asari esa asrlar davomida tabobatning mufassal qomusi bo‘lib qolmoqda.
Tadbir so‘ngida mamlakatimiz va xorijiy olimlarning ilmiy ma’ruzalari to‘plandi. Mazkur konferensiyaning ilmiy tezislaridan iborat maxsus to‘plami nashr etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA