Tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish muhim
Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shahar va tuman davlat xizmatlari markazlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.
Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shahar va tuman davlat xizmatlari markazlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.
Tadbirga ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bir qatorda viloyat adliya boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari hamda muassasalari mas’ul xodimlari, davlat xizmatlari markazlarining rahbar va mutaxassislari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari taklif etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Davlat xizmatlari markazlariga yuridik va jismoniy shaxslardan jami 778 ming 371 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 775 ming 609 tasi davlat xizmatlari sohasiga tegishli, jumladan, 22 ming 762 tasi tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masaladir.
Ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi murojaatlarning 718 ming 436 tasi belgilangan muddatlarda hal etilib, 60 mingga yaqin murojaatni ijrosi ta’minlagan mas’ul vakolatli organlarga yuborildi.
Aholiga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Davlat xizmatlari markazlaridan uzoq masofada joylashgan qishloq, ovullarda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni o‘tgan davr mobaynida sayyor xizmat shaklida 82 mingdan ko‘proq davlat xizmatlari ko‘rsatilgani misolida ko‘rish mumkin.
Shuningdek, xalq bilan muloqot qilish, aholini o‘ylantirib kelayotgan muammolariga yechim topish maqsadida boshqarma tomonidan har oyning belgilangan sanalarida tumanlarda sayyor qabul, ochiq muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda. Bunday tadbirlarda fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ular tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan muammolarning aksariyatiga yechim topib, qolganlari nazoratga olinmoqda. Jumladan, Uychi tumanida o‘tkazilgan sayyor qabul davomida 30 nafar fuqaroning muammosi atroflicha o‘rganilib, ularning 10 tasi joyida hal etildi. 15 nafar murojaatchiga huquqiy tushunchalar berilib, qolgan 5 tasi nazoratga olindi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sifat va samaradorligini oshirish maqsadida tizimning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida ham izchil ish olib borilmoqda. Joriy yilning o‘zida Norin, To‘raqo‘rg‘on, Pop, Namangan tumanlarida davlat xizmatlari markazlarining yangi binolari qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangiqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Chust, Uychi tumanlarida yangi barpo etilgan binolar foydalanishga topshirilish arafasida turibdi.
Tadbirda mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.