Tez tibbiy yordam sifati yaxshilanmoqda
Olot Buxoro viloyatining eng olis tumani hisoblanadi. Bu yerda yashovchi aholi bir vaqtlar davolanish yoki malakali tashxis olish uchun 100 kilometr masofani bosib kelishiga to‘g‘ri kelardi. Davlatimiz rahbarining tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirish borasida amalga oshirayotgan ishlari natijasida olotliklarning bu muammosi hal bo‘ldi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi Buxoro viloyati filialining Olot tumani tez tibbiy yordam stansiyasi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Muassasa zamonaviy zamonaviy tibbiy vositalar bilan ta’minlangan. Bu yerda 10 dan ziyod tez tibbiy yordam brigadasi aholiga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Shundan bittasi ixtisoslashgan reanimatsion brigada hisoblanadi. Markazda 8 ta tez tibbiy yordam guruhlari shakllantirilgan bo‘lsa, qolganlari tuman hududlaridagi oilaviy poliklinikalar tarkibida faoliyat yuritmoqda. Tibbiyot tizimidagi islohotlar jumladan, tez tibbiy va shoshilinch yordam sohasidagi o‘zgarishlar o‘z navbatida xalqimizning tizimdan rozi bo‘lishiga ham zamin yaratyapti.
– Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiyot sohasiga alohida e’tibor qaratilyapti, – deydi Olot tumani tez tibbiy yordam stansiyasi mudiri Malohat Hakimova. – Natijada bir qancha hujjatlar qabul qilinyapti. Shu jumladan tez tibbiy yordam sohasiga oid ham bir qancha qaror va farmonlar qabul qilindi. Ana shu hujjatlarning ijrosi yuzasidan tez tibbiy yordam sohasida tubdan o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada moddiy texnik baza ham mustahkamlandi. Yangi avtomashinalar bilan ta’minlandi. Dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlandi. Yangi apparaturalar olib kelindi. Birgina olis Olot tumani misolida aytadigan bo‘lsak, tez tibbiy yordam stansiyasida 8 ta tez tibbiy yordam brigadalari faoliyat olib bormoqda. Brigadamiz 100 mingdan ortiq aholiga xizmat qiladi. Shulardan 1 tasi reanimatsion brigada hisoblanadi. 2-brigadamiz tumanlararo psixiatrik brigada hisoblanadi. Bu brigada Olot, Qorako‘l, Jondor tumani aholisiga xizmat ko‘rsatadi.
Bugun mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarni eng avvalo, aholiga sifatli tez tibbiy xizmat ko‘rsatish rivoji bilan ham izohlash mumkin. Sababi, faqat sog‘lom insongina hayotning barcha quvonch-u shodliklaridan bahramand bo‘la oladi. E’tiborlisi, so‘nggi yillarda Olot tumani tez tibbiy yordam stansiyasi tomonidan bu yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilyapti. Ma’lumki, inson sog‘lig‘i va uning hayotini saqlab qolishda tez tibbiy va shoshilinch yordam muhim hisoblanadi. Bugungi kunda sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish tuman kesimida Prezidentimiz topshiriqlari ijrosi to‘la-to‘kis bajarilayotgani ham avvalo stansiyada faoliyat olib borayotgan xodimlarning samarali mehnat qilishiga imkon yaratdi.
[gallery-16185]
–Tumanimizda 4 ta oilaviy poliklinika tashkil etilgan, – deydi Olot tumani tez tibbiy yordam stansiyasi mudiri Malohat Hakimova. – Ana shu oilaviy poliklinikalar qoshida 103 tayanch punktlari ham tashkil etilgan. Bu tayanch punktlari xalqimizning sog‘ligi uchun 24 soat xizmat qilmoqda.
Ish quroli soz, kerakli dori-darmon vositalari bilan ta’minlangan holda chaqiriqqa xizmat ko‘rsatayotgan jamoaning maqsadi faqatgina xalqimizga tezkor, sifatli yordamlashish, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yana bir muhim jihat, bugungi kunda bemorlar hayotini saqlab qolish, ularga o‘z vaktida xizmat ko‘rsatishda maskanning so‘nggi avlod tez tibbiy yordam mashinalari bilan taminlanganligi ham katta axamiyat kasb etmokda. Ayniksa avtomashinalarning tibbiy asbob va uskunalar, zarur vositalar yetarli bo‘lgani sabab hudud aholisining ishonchi ortishidan tashqari, ularning shukronaligiga ham sabab bo‘lyapti.
Bugun chekka va olis hududlar aholisining turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti jadal yuksalib borayotganiga guvohmiz. Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar xalqimiz salomatligini asrash, sog‘lom yashash huquqini ta’minlash orqali yurtdoshlarimiz roziligiga erishishdek maqsadni o‘zida mujassam etgan. Tez tibbiy yordam tayanch punktlaridan biri “Bahoriston” tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ayni paytda 10 mingdan ziyod aholiga tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatmokda.
Muxtasar aytganda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar sohani yanada rivojlantirish, tibbiyotga ilm-fanning so‘nggi yutuqlarini joriy etish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash imkonini yaratmoqda. Jumladan, tez tibbiy yordam punktlarini zarur dori-darmon va asbob-uskunalar bilan ta’minlash, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida aholi uchun sifatli tibbiy xizmat turlarini yanada kengaytirish bu inson omiliga qaratilayotgan yuksak e’tibor namunasidir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.