Test sinovlari natijasi birdan eʼlon qilinadi
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Fargʻona viloyatidagi umumtaʼlim maktablari pedagoglari uchun oʻquv fani boʻyicha malaka (test) sinovlari oʻtkazilmoqda.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Fargʻona viloyatidagi umumtaʼlim maktablari pedagoglari uchun oʻquv fani boʻyicha malaka (test) sinovlari oʻtkazilmoqda.
Fargʻona davlat universiteti va Fargʻona politexnika institutida barcha sharoitlar yaratilib, belgilangan sanitariya talablariga qatʼiy amal qilinyapti. Onlayn tashkil etilayotgan test sinovlari pedagoglarning bilim darajasini oshirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
– Shahar va tumanlardagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan oliy va birinchi malaka toifali hamda ushbu malaka toifalariga talabgor 6 ming 129 nafar pedagoglar attestatsiyada ishtirok uchun ariza bergan, – deydi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Fargʻona viloyat hududiy boʻlimi boshligʻi Sayyoraxon Alimova. – Malaka (test) sinovlari real vaqt rejimida, onlayn tarzda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlangan xonalarda tashkil etilyapti. Toʻrt smenada 23 ta fan boʻyicha oʻqituvchilarimiz bilim va mahorati sinovdan oʻtkazilmoqda. Oʻqituvchilarning malakasiga yarasha toifa berish orqali ularni mehnatini ragʻbatlantirish va sogʻlom raqobat muhitini yaratish taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Oʻqituvchilar uchun attestatsiya test sinovlari boshlangan kunlardan buyon “Savollar murakkab tuzilibdi, koʻpchilik bu sinovdan oʻtib olishi amri mahol” kabi uzunquloq gaplar quloqqa chalinmoqda. Lekin bunday gaplar mutlaqo asossiz ekanligi oʻz isbotini topdi. Chunki koʻp izlangan, oʻz ustida mustaqil ishlashdan erinmaydigan bilimli mutaxassislar uchun har qanday imtihon qoʻrqinchli emas.
Hozirga qadar Beshariq tumanidagi 1-maktab kimyo fani oʻqituvchisi Rashodbek Nizomjonov, Bagʻdod tumanidagi 24 va Quva tumanidagi 7- maktabning ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Salimaxon Mamadaliyeva, Mohichehra Salomova hamda Bagʻdod tumanidagi 22-maktab matematika fani oʻqituvchisi Iqboljon Qurbonov test sinovlarida yuqori natijani qoʻlga kiritdi.
– Bugun attestatsiyaning dastlabki bosqichi boʻlgan malaka (test) sinovlarida qatnashib, barchasiga toʻgʻri javob berdim, – deydi Salimaxon Mamadaliyeva. – Albatta, faoliyatimizda doimo izlanish muhim ahamiyatga ega. Mana bunday paytda u juda asqotadi. Test savollari yaxshi tayyorlangani, sinov onlayn tarzda kompyuterda oʻtkazilib, natijani sinov yakunlangan zahoti bilib olganimiz bizga juda maʼqul boʻldi.