Test sinovlari: har xil qing‘ir yo‘llarga imkon yo‘q
Mamlakatimizda 5 avgustdan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari boshlandi.
Respublika ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan e’lon qilingan tegishli normalarga muvofiq, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib test jarayonlari ochiq stadion va xiyobonlarda, qoida tariqasida kuniga ikki smenada o‘tishi belgilangan.
Shunga muvofiq, Qashqadaryo viloyatida ham test sinovlari “Nasaf” markaziy o‘yingohining 4 ta mashg‘ulot maydonida (1-smena 07:00 dan, 2-smena 19:00 dan boshlanadi) bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu 4 ta maydonda bir vaqtning o‘zida 184 ta guruhda 5 ming 500 dan ortiq abituriyent test topshirish imkoniyati mavjud.
Davlat komissiyasining bayoni bilan pandemiya sharoitida abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida test topshiriqlari soni maqbullashtirilib, kirish test sinovlariga jami 3 soat vaqt ajratilgan.
– Test sinovlari adolatli va shaffof holda karantin qoidalariga mos tarzda o‘tmoqda, – deydi Qarshi tumanilik abituriyent Murod Xonimqulov. – Abituriyentlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi kuzatuvlar sifatli yo‘lga qo‘yilibdi. Har xil qing‘ir yo‘llarni ko‘zlab harakat qilganlar uchun umuman imkon yo‘q. Bu esa haqiqiy bilimga ega bo‘lgan abituriyentlarning o‘qishga kirishini osonlashtiradi. Joriy yilgi test sinovlaridagi ayni shu jihat meni juda xursand qildi.
[gallery-3321]
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat),O‘zA