Termizdagi Murchbobo maqbarasini eshitganmisiz?
Termiz shahridagi Murchbobo maqbarasi sayyohlarda oʻtmishdagi tarixi va oʻziga xos qurilish uslubi bilan katta qiziqish uygʻotib keladi.
Termiz shahridagi Murchbobo maqbarasi sayyohlarda oʻtmishdagi tarixi va oʻziga xos qurilish uslubi bilan katta qiziqish uygʻotib keladi. Aholi oʻrtasida ziyoratgohda oʻsib turgan murch daraxti haqida ham gʻaroyib rivoyat yuradi.
Aytishlaricha, samarqandlik savdogar Said Vali 1874-yilda haj amalini ado etib, kichik yoshli oʻgʻli bilan Afgʻonistonning Balx shahri orqali yurtiga qaytayotib Termizga keladi. Oʻshanda Termiz atrofidagi qumzorda Pattakesar, degan joy boʻlib, bu yerning qaroqchi-oʻgʻrilari Said Valining qarshisidan chiqadi. Uning belbogʻiga bogʻlangan hamyonida pul bor, degan oʻy bilan uni oʻldiradi. Qoʻrquvdan dahshatga tushgan Said Valining oʻgʻli baqirib, qocha boshlaydi. Oʻgʻrilar uni ham tutib, oʻldirgach, savdogarning belbogʻidagi hamyonga qarashsa, pul emas, qora murch urugʻi chiqadi. Oʻgʻrilar murch urugʻini tashlab yuborib, savdogar va uning oʻgʻlini oʻsha yerga koʻmadi, yerni tekislab qoʻyadi. Belgi sifatida yogʻoch tayoq ustiga oq mato bogʻlaydi. Keyinchalik ana shu yerdan murch daraxti unib chiqadi.
Oʻsha zamonda karvonlarga yoʻl koʻrsatuvchi boʻlgan Imom Aliboy qandaydir shubhali yoʻllar bilan boyib, katta savdogarga aylangach, oʻtgan asrning 16 yilida chorva mollariga ombor qurdirish uchun Said Vali shahid boʻlgan joyni tanlaydi. Murch daraxtini kestirib, qurilishni boshlaydi. Unga bu yerni shayx shahid boʻlgan joy ekani haqida aytishsa ham, bu gaplarga ahamiyat bermaydi. Qurilish vaqtida Imom Aliboyga ishchilari bu yerdan odam suyagi qoldiqlari chiqayotgani toʻgʻrisida xabar bergach, uni oʻz koʻzi bilan koʻrib, qoʻrquvdan falaj boʻlib qoladi. Kutilmagan kasalni davolash uchun koʻplab muolaja olsa-da, biroq boyning oyoqqa turib ketishi ogʻir kechadi. Bu xatti-harakatlarini chuqur tahlil qilgan Imom Aliboy oʻz hisobidan shayx qabri ustida maqbara qurdirishga bel bogʻlaydi. Qurilish tugagach, bu yerdan yana murch daraxti oʻsib chiqadi. Shundan soʻng boyning tushiga kirgan hoji hazratlari oʻzining kim ekanini aytib beradi. Bu voqealardan keyin Imom Aliboy uzoq yashamay, olamdan oʻtgan. Maqbara va murch daraxti muqaddas ziyoratgohga aylanib qolgan.
Yuz yillardan buyon qadimiy shaharda boʻy koʻrsatib turgan maqbara oʻtgan asrning 80-yillarida qayta taʼmirlanib, ziyoratchilar uchun obod goʻshaga aylantirilgan.