Termizda Yoshlar sayilgohi ish boshladi
Prezident tashabbuslari – amalda
Termiz shahrida uzoq yillar e’tibordan chetda qolgan “Bobur” bog‘i negizida “Yoshlar sayilgohi” bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz raisligida shu yilning 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohaga doir qator masalalarga e’tibor qaratilib, hududlarda yoshlar sayilgohlari va ijod ko‘chalari tashkil qilinishi lozimligi ham ta’kidlangan edi.
Mazkur tashabbus doirasida Termiz shahridagi eskirgan bog‘ o‘rnida yoshlar uchun zamonaviy saylgoh bunyod etishga kirishildi. O‘tgan qisqa davrda qariyb uch yarim gektar hududda yirik qurilish–obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Bu jarayonda faol yoshlarning tashabbus va takliflari ham inobatga olindi.
Aholining, xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni kitobxonlikka chorlash, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar hamda konsert- tomoshalar tashkil etishda bu kabi sayilgohlarning ahamiyati katta.
Yangi loyihani amalga oshirish chog‘ida 700 o‘rinli amfiteatr, uchta zaldan iborat 147 o‘rinli kinoteatr, 500 o‘rinli umumiy ovqatlanish shoxobchasi, musiqali favvora, turli attraksionlar, bolalar maydonlari qurildi. Endilikda bu yerda bunyod etilgan mingdan ortiq kitob fondiga ega buk-kafe, o‘ttiz o‘rinli kibersport hududi ham yoshlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanadi.
Sayilgohning ochiq maydonlarida shaxmat-shashka, stol tennisi musobaqalari o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, sayilgohda oila yoki do‘stlar davrasida mazmunli dam olish uchun hamma sharoit bor.
–Bu yerga endi tez-tez kelib turamiz,–deydi Termiz shahridagi 17-maktab o‘quvchisi Abdulxodiy Abdurasulov.– Avvallari inson kirishga tortinadigan ko‘rimsizgina bog‘ edi. Endilikda ko‘rkam va obod maskanga aylanibdi. Eng muhimi, kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish va madaniy hordiq chiqarish uchun juda so‘lim joy bo‘libdi. Ayniqsa, bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazish uchun barcha qulaylik yaratilganidan juda quvondik.
Bir kunda 3 ming kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan so‘lim sayilgoh ishga tushirilishi bilan 100 kishining bandligi ta’minlandi. Yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatgan bog‘da mavjud daraxtlar parvarishiga ham e’tibor kuchaytirildi. Uch yarim ming tup turli daraxt ko‘chati ekildi.
[gallery-14661]
Sayilgohni foydalanishga topshirish marosimida qurilish–obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh quruvchilarga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari