Termizda Xalqaro oila kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Fotoreportaj
Termiz shahridagi Yoshlar markazida 15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan oila qadriyatlarini ulug‘lash va jamiyatda sog‘lom oila muhitini mustahkamlashga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faol xotin-qizlar, yoshlar hamda namunaviy oilalar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, oila inson hayotidagi eng muqaddas maskan bo‘lib, unda mehr-oqibat, milliy qadriyatlar va tarbiya asoslari shakllanadi. Jamiyat taraqqiyoti, farzandlar kamoloti va millat kelajagi, avvalo, sog‘lom hamda mustahkam oila muhiti bilan chambarchas bog‘liq.
Surxondaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova keyingi yillarda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.
Qayd etilganidek, Xalqaro oila kuni mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda. Shu bilan birga, ibratli va namunaviy oilalarni rag‘batlantirish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, viloyatda 2025-yilda 111 ta namunaviy oila e’tirof etilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 121 taga yetgani ma’lum qilindi.
[gallery-29444]
Tadbir doirasida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi ishtirokchilari va g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Faol ishtirok etgan oilalarga tashakkurnomalar, g‘oliblarga esa diplom va “Ibratli oila” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Musiqa va kuy-qo‘shiqlar bilan bezatilgan tadbir ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat),O‘zA