Termiz shahri: sarhisob va istiqbol
Bugun xalq deputatlari Termiz shahar kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyevning 2021 yil yakunlari va 2022 yilda Surxondaryo viloyati markazini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor vazifalari bo‘yicha murojaati tinglandi.
Murojaatda qayd etildiki, yakunlanyotgan 2021 yil butun dunyo uchun barcha sohalarda jiddiy sinovlarga boy bo‘ldi. Global pandemiya ta’sirida barcha ijtimoiy va iqtisodiy tarmoqlarning rivojlanish darajasi to‘siqlarga duch keldi.

Prezidentimiz tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar hamda inqirozga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar bu to‘siqlarni yengishda muhim dasturilamal bo‘ldi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar Termiz shahrida ham ijtimoiy sohalar rivojlanishi va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sishini ta’minladi. Jumladan, sanoatda o‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi 1 trillion 55 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan 1 trillion 293 milliard so‘m yoki 114,8 foizga o‘sishi, aholi jon boshiga nisbati 6 million 580 ming so‘mga yetishi kutilmoqda. Yangi yilda qiymati 121,8 milliard so‘mlik 27 ta yangi loyiha ishga tushirilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi. Joriy yil yakuni bilan xizmatlar ko‘rsatish hajmini 2 trillion 870,9 milliard so‘mga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Chakana savdo aylanmasi va qurilish-pudrat ishlari hajmi ham o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sayotgani kuzatilmoqda.
Mehnat bozoridagi tendensiyalarga muvofiq yilning o‘tgan davrida 2 ming 500 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Shundan 703 tasi 60 ta hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, 373 tasi 10 ta ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirish, 623 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik hamda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga barpo etildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 15 nafar fuqaro subsidiya asosida tomorqasida ish bilan band bo‘ldi. 637 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi to‘lab berildi. Ularning 89 nafari "Ayollar daftari" ga, 76 nafari "Yoshlar daftari" ga kiritilgan fuqarolar, 43 nafari "Temir daftari" dagi oilalar a’zolaridir.
Murojaatda “Temir daftar,” “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlash, tadbirkorlik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, “Mahallabay” ishlash tizimini keyingi bosqichga olib chiqish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar hamda galdagi vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Aholini toza ichimli suv, tabiiy gaz, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktabgacha ta’lim, turizm va sportni rivojlantirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni jilovlash borasida yuz bergan o‘zgarishlar va yangi yildagi rejalarga alohida e’tibor qaratildi. Investitsiya dasturi doirasida ijtimoiy soha obektlarini qurish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

–O‘tayotgan yilda Investitsiya dasturiga asosan Termiz shahrida 9 ta dasturga muvofiq, qiymati 114,5 milliard so‘mlik ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi, – dedi shahar hokimi I. Xudoyberdiyev. – Bunda 49,5 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilishi hisobiga 59,3 kilometr muhandislik-kommunikatsiya infratuzilma ob’ektlari qurilib, qayta ta’mirlandi. Bog‘ishamol mahallasida 1 ming 540 o‘rinli 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 160 o‘rinli Prezident maktabi barpo etilib, foydalanishga topshirildi, 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabi rekonstruksiya qilindi. Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boshqarmasining uchta ob’ekti, ichki ishlar va Majburiy byuro organlarining bittadan obekti qurilib, ishga tushirildi. Toza ichimlik suv bilan ta’minlash, tibbiyot va boshqa ijtimoiy sohalarda ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Bu boradagi ishlar kelgusi yil ham izchillik davom ettiriladi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholini uy-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shunga muvofiq keyingi besh yilda Termiz shahrida 12 ming 466 xonadonli 278 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qurilib foydalanishga topshirildi. Shundan 2 ming 55 xonadonga mo‘ljallangan 28 tasi joriy yilda qad rostladi. Kelgusi yil uchta massivda 7 va 16 qavatli 33 ta 7 ming 296 xonadondan iborat osmono‘par turar-joy binosi bunyod etiladi.

Qiyofasi tubdan o‘zgarib borayotgan shaharda joriy yil 36 million dollarlik, kelgusi yil 42 million dollar qiymatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi. Eksportyor korxonalar o‘tayotgan yilda 27,9 ming dollarga teng mahsulot eksport qilayotgan bo‘lsa, yangi yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 38,2 ming dollarga yetadi. Buning uchun "Afghan Bazar Silk Carets Asia" mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasining “Ipak va jun mahsulotlaridan gilam ishlab chiqarish”, "Oravit Ceramic" mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Maishiy va dekorativ keramik buyumlar ishlab chiqarish”, "Surxondaryo ta’minbutlash" mas’uliyati cheklangan jamiyatining “DSP va laminat ishlab chiqarish” kabi yirik loyihalari to‘liq ishga tushirilib, mahsulotning bir qismini xorijga eksport qilinadi.
Sessiyada boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiya doirasida shaharda ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi va kelgusi yil amalga oshiriladigan yangi sanoat korxonalari, xizmatlar ko‘rsatish inshootlari, yangi ijtimoiy soha ob’ektlari, ko‘p qavatli zamonaviy uy-joylar qurilishi bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun yangi barpo etilgan ijtimoiy soha inshootlariga press-tur uyushtirildi. Matbuot anjumani tashkil etilib, jurnalistlar va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA