Termiz shahri chegarasi kengaydi
Yalpi majlisda senatorlar Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini oʻzgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish va ularning tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.
Yalpi majlisda senatorlar Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini oʻzgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish va ularning tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.
Termiz shahriga 1929-yil asos solingan. Shaharda hozirda 146 mingdan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Shahar aholisining oshib borayotgani va yer maydonlarining qisqarib borayotgani shahar hududini kengaytirish zaruratini paydo qildi. Termiz tumani hududi 85,5 ming gektarni tashkil etadi.
Taʼkidlash joizki, ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, tasdiqlangan bosh reja asosida Termiz shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, istiqbolli rejalarini belgilash, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish, hudud infratuzilmasini yaratish, shuningdek, yangi hududda belgilangan talablar doirasida ijtimoiy soha, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari qurilishini tashkil etish hamda shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratish, byudjetga tushumlarni koʻpaytirishdan iboratdir.
Nazarda tutilayotgan oʻzgarishlarga koʻra, Surxondaryo viloyati Termiz tumani hududidagi “Manguzar”, “Chegara”, “Pattakesar”, “Tinchlik”, “Alisher Navoiy”, “Kokildor ota” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlari toʻliq, “Nurli diyor” va “Namuna” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlarining bir qismi (umumiy yer maydoni 1 ming 561 gektar) Termiz shahri tarkibiga oʻtkaziladi.
Bu oʻzgarishlar hududda aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratish bilan birga, Termiz shahar va Termiz tumanini iqtisodiy jihatdan boshqarishda hamda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Senatorlar bu boʻyicha qaror loyihasini maʼqulladi.