Termiz muloqoti: ishtirokchilar janubda o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlaydigan infratuzilmalarni o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida poytaxtimizda o‘tkazilgan “Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusidagi Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilari Surxondaryo viloyatida bo‘ldi. Anjuman Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi.
Muloqotning sayyor tadbirlari doirasida hududda mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitga ega infratuzilma inshootlari bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidan qariyb ikki kilometr masofada joylashgan “Termiz Kargo Markaz” xalqaro ko‘p tarmoqli transport-logistika xabida mehmonlarga bu yerning o‘ziga xos xususiyatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasidagi strategik joylashuvi, yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Geografik joylashuviga ko‘ra xab Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasida barpo etilgan. Besh yildan buyon yirik xalqaro transport-logistika xabidan Jahon oziq-ovqat dasturi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini yetkazib berish uchun foydalanmoqda.
Unga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi Global ta’minot tarmog‘i ombori hamda dunyoning sakkizinchi yirik ta’minot tarmog‘i maqomlari berilgan. Bu yerdan Afg‘oniston va boshqa davlatlardagi yordamga ehtiyoj sezadigan insonlar uchun zaxira yaratish hamda zarur bo‘lganda tezkor yetkazib berishda samarali foydalanilmoqda.
Mehmonlar Global ta’minot tarmog‘i omborida saqlanayotgan zarur mahsulot hamda yashash uchun muhim vositalarni ko‘zdan kechirdi.
“Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi bilan tanishuv mintaqamizda hozircha yagona yirik majmua taqdimoti bilan boshlandi.
Shu yil foydalanishga topshirilganiga ikki yil to‘ladigan savdo zonasi Afg‘oniston chegarasidan 500 metr uzoqda 36 gektar maydonda bunyod etilgan. Qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga kirish vizasisiz 15 kun markazda bo‘lish va chiqish imkoniyati berilgan. Erkin savdo zonasi zamonaviy rivojlangan infratuzilmaga ega. Markaz hududiga keluvchi barcha tovarlar bojxona to‘lovlarisiz joylashtirilib, chiqariladi. Hududda banklar, notariuslar va boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari tashkil etilgan. Shuningdek, “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot majmuasi, “Central Asia University” biznes maktabi, yirik savdo markazi, restoran, xostel, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika markazi, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilgan. Uch mingdan ortiq savdo do‘koni, bir yilda 100 ming yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega avtoturargoh qurilgan. Xalqaro savdo markazi Karachi-Termiz-Toshkent-Qozog‘iston-Rossiya transport koridorining muhim bog‘lovchi qismi sifatida Hind okeani portlariga chiqish imkoniyatini yaratadi.
Majmuadagi 70 o‘ringa mo‘ljallangan “Akfa Medline” klinikasida 380 nafar tajribali mutaxassis ishlaydi. U yiliga 15 ta yo‘nalish bo‘yicha 46 mingdan ortiq bemorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Zamonaviy tibbiyot majmuasi ishga tushgach, 33 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarosi sifatli tibbiy yordamdan baxramand bo‘ldi.
253 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. “Central Asia University” biznes maktabida ta’lim bepul bo‘lib, darslar dariy, pushtu va ingliz tillarida, uch bosqichli tizimda olib boriladi.
Hududdagi do‘konlarda 5 ming 500 ta ish o‘rni yaratish imkoniyati bor. Ayni paytda mingdan ortiq mahalliy aholi va 140 ga yaqin Afg‘oniston fuqarosi savdo, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish, logistika, tibbiyot, mehmonxona xizmati sohalarida ish bilan ta’minlangan.
Markazda eksport salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi O‘zbekiston mahsulotlarining doimiy ko‘rgazmasi faoliyat yuritmoqda. Savdo zonasida taqdim etilgan mahsulotlarning yillik eksport hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil etadi.
Sayyor tadbir ishtirokchilari savdo zonasi hududidagi “Termiz Gold Production” mas’uliyati cheklangan jamiyatining zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi, logistika markazi, savdo do‘konlarida bo‘ldi. Afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-29835]
Dunyoda muqobili yo‘q markaz Prezidentimiz g‘oyasi bilan 2018-yil ishga tushirilgan. Ta’lim maskanida afg‘onistonliklarni oliy ta’limning 17 ta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining 16 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitib, malakali mutaxassis tayyorlash uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. O‘tgan yillarda bu dargohni 800 dan ortiq Afg‘on fuqarosi tugatib, o‘zlari tanlagan kasb egasi bo‘ldi. 200 nafar afg‘on xotin-qizi ham ta’lim oldi. Bakalavriatni tugatgan 13 nafar bitiruvchi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishni davom ettirib, bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.
O‘quv dargohida bo‘lgan tadbir qatnashchilari ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Sayyor tadbirlarda O‘zbekiston barqaror muloqot, ishonch va o‘zaro bog‘liqlik tizimini shakllantirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib borayotgani, bu jarayonda Termizning yangi iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni shakllantirishda muhim bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilishi uchun barcha qulaylik yaratilgani o‘z ifodasini topdi.
– Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan bu yondashuv muhim ahamiyatga ega, –deydi Vengriya Xalqaro munosabatlar instituti katta ilmiy xodimi Sandor Sheremet. – Tashqi sharoitlarga moslashish zaruratini taqozo etayotgan xalqaro vaziyatning murakkablashishi fonida ochiq siyosat moslashuvchanlikni saqlab qolish va o‘zaro hamkorlik makonini kengaytirish imkoniyatini beradi. Shu jihatdan O‘zbekiston ishonchni mustahkamlab, aloqalarning barqaror shakllarini rivojlantirish va turli mamlakatlar bilan munosabatlarni pragmatik va o‘zaro manfaatli asosda yo‘lga qo‘yish orqali o‘zaro hamkorlik muhitini yaratishga alohida ahamiyat bermoqda. Tarixga nazar tashlasangiz ham mintaqada qadimdan Termiz o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda ko‘prik vazifasini bajargan. Bizning davrimizga kelib, qayta tiklanayotgan bu loyiha shunchaki qolib ketmasligi kerak. Chunki, zamonaviy sharoitlarga ega shaharda Markaziy Osiyoni Yevrosiyodagi savdo va transport-logistika yo‘laklarining asosiy bo‘g‘iniga aylantirish uchun qulay muhit borligini ko‘rdik.
Tadbir ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildi. Mintaqamizda yagona Termiz arxeologiya muzeyi bilan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbirlari