Tergov sifatini yaxshilash - dolzarb masala
Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tergov sifatini yanada yaxshilash, shuningdek, “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi Oliy sud Plenumi qarorini amaliyotda qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.
Prokuratura va ichki ishlar organlari tergovchilari ishtirokida videokonferens-aloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda viloyat sudi raisi o‘rinbosari Boboxon Vahobov hamda viloyat sudi sudyasi Begzod Haydarov so‘zga chiqib, bugungi kunda sodir etilayotgan firibgarlik jinoyatining yangi ko‘rinishlari kun sayin ortib borayotgani, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 23 iyundagi “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori mazmuni va o‘tgan choraklarda tergov va surishtiruv organi tomonidan yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar bo‘yicha mulohazalarini bayon etdi.
[gallery-13763]
Firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini sudlarda ko‘rishda shaxsning harakatlariga qonuniy va asosli baho berish, qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish, jinoyat tarkibi hamda fuqarolik huquqiy munosabatlar o‘rtasidagi farqni aniqlash bo‘yicha yagona sud amaliyotini yo‘lga qo‘yishda xodimlarning bilimini mustahkamlash tergov sifatini yanada oshirishda muhimdir. Shu ma’noda ayni muloqot ishtirokchilar uchun har jihatdan foydali bo‘ldi.
Seminarda viloyat sudi raisi Akrom Utayev kun tartibidagi mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA