TerDU delegatsiyasi Afinada
Gretsiyaning Afina shahrida Yevropa Ittifoqi Erasmus+“Trigger” ning “Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarida tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarda Termiz davlat universiteti delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
“Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashni yaxshilash hamda oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilarning hamkorligini yaratish” mavzuiga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar 18 iyunda boshlangan. Loyiha 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, unda Qozog‘iston, Tojikiston, Slovakiya, Avstriya, Fransiya kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalari qatorida Termiz davlat universiteti vakillari ham qatnashmoqda.
Delegatsiya safida Termiz davlat universiteti birinchi prorektori O.Shofiyev, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor M.Hoshimxo‘jayeva, xorijiy filologiya fakulteti dekani A.Xudoyqulov va o‘qituvchi N.Aliboyevalar bor.

– Loyihaning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlari oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi talabalarini kelajakda o‘z ish o‘rnini topishiga ko‘maklashish, – deydi O‘zAga Afinadan xabar qilgan TerDU birinchi prorektori Obid Shofiyev. – Kelajakda o‘z karerasini yaratish uchun sharoit yaratish, ko‘nikmalarini mustahkamlab, ish topishiga ko‘maklashish va ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlash tajribasini oshirishdan iborat. Seminarda talabalarimizga ish topishga ko‘maklashish uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, istiqbolli rejalar haqidagi taqdimotlarimiz bilan faol ishtirok etyapmiz. O‘zaro tajriba almashyapmiz.
Loyiha Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va yuqori kurs talabalarining kelajakda o‘z ish o‘rnini topishi, karera qilishi, ta’lim olgan universitetlari bilan aloqa uzviyligini ta’minlash ko‘nikmalarini yaratishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

– Biz yil davomida loyihada ishtirok etayotgan universitetlarda talabalarni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan jarayonlarni bevosita joyiga borgan holda o‘rganamiz, – deydi “Trigger” loyihasi bosh koordinatori Natasha Urbanchikova. – Masalan, shu yil may oyida Termiz davlat universitetida bo‘lib talabalarga yaratilgan sharoit, imkoniyatlar bilan tanishdik. Talabalarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida olib borilayotgan ishlar quvontirdi. Mamlakatingizda talabalarga darsdan bo‘sh vaqtlarida ishlash uchun sharoit yaratishga davlat darajasida e’tibor qaratilgani hayratlantirdi. Universitetning “Karera markazi” faoliyati ham juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. O‘ylaymanki, ushbu oliy ta’lim muassasasida olib borilayotgan bu ishlar loyihaning amaliy qimmatini yanada oshiradi.
O‘quv-seminar mashg‘ulotlari 30 iyun kuni yakunlanadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA