Tennis: Prey-offdagi raqibimiz Norvegiya
Tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi norasmiy jahon chempionati hisoblanadigan “Devis kubogi” pley-offida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari norvegiyalik tennischilar bilan keyingi bosqich masalasini hal qiladi.
Olamsport.com saytining xabar berishicha, mazkur musobaqa joriy yilning 17-18 sentyabr kunlari Norvegiya poytaxtidagi "Oslo Tennis Arena" tennis kortida bo‘lib o‘tadi.
Tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Farrux Do‘stov mazkur uchrashuvda Vatanimiz sharafini himoya qiladigan tarkibni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Denis Istomin, Humoyun Sultonov, Sanjar Fayziyev, Sergey Fomin va Maksim Shindan iborat tennischilarimiz norvegiyalik raqiblariga qarshi kortga chiqadi.
Aytish lozimki, tarkibida Kasper Ruud kabi dunyoning eng kuchli raketka ustalari bo‘lgan Norvegiya terma jamoasi bilan vakillarimiz hali biron marta jamoaviy musobaqalarda duch kelmagan.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA