Teng sheriklik o‘zaro manfaatlar mezonidir
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti ishtirokchi davlatlar iqtisodiyoti rivoji uchun ijobiy turtki berishi, o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochishi shubhasiz. Prezidentimiz “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasida ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda dunyo miqyosida keskin o‘zgarishlar, kutilmagan voqealar, ekologik xavflar ko‘payib bormoqda.
Ana shunday nozik va ayni paytda shiddatli jarayonlar kechayotgan bir paytda O‘zbekiston o‘zining o‘zgarmas tashqi siyosatiga sodiq qolishi – o‘zaro tenglik, hamdo‘stlik, hurmat, o‘zga davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik, teng manfaatlar asosida muloqot yuritish tarafdori bo‘lib kelayotgani ko‘nglimizga g‘urur baxsh etmoqda.
Maqolada “Bugun biz yashayotgan dunyo xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir” – deydi davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, bugungi kunda tor doirani ko‘zlagan, bir tomonlama manfaatlarga qaratilgan g‘oya va maqsadlar bilan pirovard maqsadga erishib bo‘lmaydi. Iqtisodiy munosabatlar ham tarozining ikki pallasi teng bo‘lganidek, aniq tenglik o‘lchamlarida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining bir maromda o‘sishiga, moliyaviy munosabatlarda aniq hisob-kitoblar amalga oshirilishiga ta’sir etuvchi metrologiya sohasida ham SHHTning bir qator a’zo va hamkor, kuzatuvchi davlatlari bilan O‘zTTSA “O‘zbekiston milliy metrologi instituti” hamkorlik qilmoqda. Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari bilan o‘zaro tajriba almashish, o‘lchashlarni tan olish, malaka oshirish borasidagi ishlarni misol keltirish mumkin. Endilikda Transafg‘on koridorining qurilishi loyihasi, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ham institutimiz ishtirok etadi.
Prezidentimiz o‘z maqolasida aytganidek, birgina o‘lchashlar sohasidagi davlatlar orasidagi hamkorlik doirasida texnik imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatli bo‘lmoqda. Bu ishlar davlatimizning SHHTga raisligi davrida yanada faollashdi, kuchaydi. O‘zbekistonning raisligi davrida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlar qabul qilingani har bir yurtdoshimizni xursand qiladi va faxrlantiradi.
O‘zbekiston insoniyat hayotiga xavf solayotgan urushlar, yirik ekologik muammolar va iqtisodiy inqirozlarga nisbatan jim turib, chetda qolayotgani yo‘q. Aksincha, doimiy ravishda tinchlik tarafdori, tabiatni asrab-avaylash tashabbuskori, iqtisodiy teng sheriklikni yoqlab, o‘z pozitsiyasini turli nufuzli minbarlarda bildirib kelmoqda.
O‘zbekiston o‘zi uchun hamkorlari ham kuchli bo‘lishi tarafdori. Prezidentimiz Samarqand sammiti oldidan “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi” – deya ta’kidlab o‘tdi.
SHHTga O‘zbekiston raisligi davrida xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, tashkilotning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan saksondan ortiq yirik tadbirlarning o‘tkazilishi ham so‘zimizga isbot bo‘la oladi.
Samarqand azaldan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan maskan bo‘lib dunyoning turli hududlarini bir-biriga bog‘lab kelgan. “Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin”, Prezidentimizning ushbu so‘zlari shu yurtning bir fuqarosi sifatida qalblarimizda aks-sado berib turadi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti dunyo bo‘ylab tarqalgan pandemiyadan so‘ng, uch yil o‘tib a’zo va hamkor davlatlar rahbarlarini bir stol atrofida birlashtirdi. Dunyo ahli ko‘z tikib turgan bu muzokaralardan har bir ishtirokchi va a’zo davlatlar vakillari ham birdek manfaat – yaxshilik kutmoqda. Samarqand sammiti ko‘p o‘tmay o‘z mevasini bera boshlashi aniq.
Lazizbek Saidoripov,
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori
O‘zA