“Temuriylar” tanlovning mamlakat bosqichiga boradi
Andijon mashinasozlik institutida “Amir Temur izdoshlari” respublika intellektual tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 7-11-sinf o‘quvchilaridan tuzilgan, tanlovning tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan o‘n oltita jamoa ishtirok etdi.
O‘quvchi- yoshlarning Amir Temur hayoti va faoliyati, uning davlatchilik siyosati, olib borgan bunyodkorlik ishlari haqidagi bilimlarini boyitish, intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, qolaversa, o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan tanlov ishtirokchilari belgilangan shartlar asosida o‘zlarining bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-17250]
Ikki tur doirasida o‘tkazilgan intellektual bahs davomida ishtirokchilar Bo‘riboy Ahmedovning “Amir Temur”, Nurali Qobulning “Qalb qasrining sultoni”, Jumaboy Rahimovning “Adolat va qudrat timsoli”, Marsel Brionning “Menki, Sohibqiron – Jahongir Temur”, Hamdam Sodiqovning “Amir Temur saltanatida xavfsizlik xizmati” tarixiy romanlari hamda Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasi asosida tuzilgan yozma va og‘zaki savollarga javob qaytardi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Andijon tumanidagi 10-davlat ixtisoslashtirilgan maktab -internatning “Temuriylar” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 50-umumta’lim maktabining “Parvoz” jamoasi ikkinchi, Buloqboshi tumanidagi 55-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining “Erudit” jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar intellektual tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari