Temuriylar davlatining Hindiston bilan munosabatlari qanday bo‘lgan?
Vatanimiz tarixidagi 27 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1444 yil (bundan 576 yil oldin) – mashhur sayyoh, elchi va tarixnavis olim Abdurazzoq Samarqandiy boshchilik qilgan elchilik Hindiston safaridan Hirotga qaytib keldi (Uning Hirotdan Hindistonga safari 1442 yilda boshlangan edi). Ertasi kuni Abdurrazzoq Samarqandiy va u bilan birga Hindistondan kelgan elchilar Shohrux mirzo qabulida bo‘ldilar. Bu marosimda Abdurrazzoq Samarqandiy temuriyzodaga Hindistonga qilgan safarlari haqida hikoya qilib berdi.
Mazkur elchilik Temuriylar davlatining Hindiston bilan munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi. Abdurazzoq Samarqandiy Hindiston safari vaqtida ko‘rgan-bilganlarini to‘plab, bir xotira sifatida yozib qoldirgan va bu ma’lumot Temuriylar davlati bilan Hindistonning o‘sha vaqtlardagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli, ayniqsa Hindistonning ijtimoiy va madaniy hayotini o‘rganishda katta o‘rin tutadi.
1842 yil (bundan 178 yil oldin) – Xiva xonligi va Rossiya imperiyasi o‘rtasida “Majburiyatlar akti” deb ataluvchi shartnoma imzolandi.
1907 yil (bundan 113 yil oldin) – tarixchi Otabek Nosirovning qayd etishicha, Farg‘ona viloyatining Selroha, Oqko‘lmak va Yeryog‘i adirlarida joylashgan 5 ta neft konlarini birlashtiruvchi hududda O‘rta Osiyo neft sanoati shirkati tashkil qilindi. 1908 yili 25 yanvarda shirkat Santo O‘rta Osiyo neft sanoati va savdosi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilib, ustav loyihasi tasdiqlandi. U 1908 yil 7 fevralda Moskvada to‘plangan 500 ming rubllik aksiyadorlik kapitali asosida ish boshladi.
1918 yil (bundan 102 yil oldin) – Turkiston Sharqshunoslik instituti ochildi. Tarixchi Nodira Mustafoyevaning qayd etishicha, shu kundan boshlab mazkur oliygohda darslar boshlandi. Unga 234 nafar talaba qabul qilindi. Turkiston Sharqshunoslik institutining o‘qituvchilari orasida o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan, yetuk sharqshunos mutaxassislari faoliyat ko‘rsatdi.
Institut qoshida kutubxona mavjud bo‘lib, uning sharqshunoslik qismida 1920 yilning o‘zida 5 ming 600 dan ortiq jild to‘plangan, ularning mingdan ortig‘ini arab va fors qo‘lyozmalari tashkil etan. Bu raqam mahalliy millatga mansub ayrim kishilar tomonidan kutubxonaga sovg‘a qilingan ko‘plab qimmatbaho qo‘lyozma asarlar, kitoblar evaziga boyib borgan.
Biroq institut talabalarining tarkibi asosan Yevropa millatiga mansub bo‘lib, mahalliy yoshlarni jalb etish juda sust olib borilgan. Muassasa ochilganidan to‘rt yil o‘tgach o‘qishga qabul qilingan talabalarning 16 foizinigina mahalliy yoshlar tashkil qilgan. U 1924 yil 16 sentyabrda O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetiga)ga biriktirildi va 1992 yilgacha Sharqshunoslik fakulteti sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
1937 yil (bundan 83 yil oldin) – adabiyotshunos olim, tarjimon Ibrohim G‘afurov dunyoga keldi. U 1995 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
1946 yil (bundan 74 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik tavallud topdi. U o‘zbek adabiy fantastikasining asoschilaridan biri hisoblanadi.
1991 yil (bundan 29 yil oldin) – Mozambik Respublikasi, Sloveniya Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston suverenitetini tan oldi.
1996 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida” hamda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi» faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”, “O‘qituvchi va murabbiylar kunini belgilash to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
1999 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Termiz shahrining 2500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2005 yil (bundan 15 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tadbirlar haqida”gi qarori qabul qilindi.
2010 yil (bundan 10 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2013 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi