Temir yo‘l kesishmasiga press-tur
Yo‘llar shlagbaumlar tushirilib, bekiladi. Oz muddat kutib qolasiz. Kimdir ishga, yana kimdir biror muhim yumush bilan manzilga otlangan.
5-6 daqiqaga to‘silgan yo‘ldan poyezd shovqin solib o‘tib ketadi. Shunda ham yo‘l ochilmaydi. Biroz kutasiz, to‘siqlar olib tashlanmaganidan battar xunob bo‘lasiz. Mashina signalini chalasiz. Ochilavermagach, sizga qo‘shilib orqadagi mashinalar ham signal chalishadi. Axiyri, yo‘l ochiladi. Bu jarayonda xayolingizda yo‘qotilgan vaqtni sarhisob qilasiz. Ammo...
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbirdan jurnalistlar va ular orqali keng jamoatchilikni «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsad qilingan. Dastavval inspeksiya binosida «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi faoliyati, funksional vazifalari, vakolatlari to‘g‘risida axborot berildi. Press-turning ikkinchi qismi «Salar» va «Yalang‘och» temir yo‘l bekatlari oralig‘idagi qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmasida davom ettirildi.
–Chetdan qaragan kishiga ishimiz juda oddiy tuyuladi, –deydi kesishma navbatchi xodimi Qodirali Rahmatjonov. – Ammo ishimiz murakkab va mas’uliyatli. Bunda soniyalar inson taqdirini hal qilishi mumkin. Shuning uchun bizda sinchkovlikka alohida ahamiyat qaratiladi. Kesishmamizdan kuniga 16-17 marotaba poyezd o‘tadi. Afsuski, yo‘llar to‘silsa-da, tartiblarga amal qilmaydigan haydovchilar bor.Ular kutgisi kelmaydi, aylanma yo‘llar bilan kesib o‘tgisi, qoidani buzib, tezroq to‘siqdan ildamlagisi keladi. Ammo bunda o‘zini xavfga qo‘yishi mumkinligini bilmaydi. Uzoqdan kelayotgan poyezd haydovchisi qo‘limdagi tayoqchaga ramz soladi. Yo‘lda xavf yoki kamchilik bo‘lsa, qizil tayoqchani ko‘taraman. Kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng poyezd manzilga otlanadi. Yo‘lda harakatlanish uchun birorta xavf bo‘lmasa, sariq tayoqcha ko‘tariladi, poyezd to‘xtamasdan o‘tib ketadi.
Temir yo‘l harakati inson omili bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun nazoratga muhtoj.
Mutaxassislar ultra tovushli maxsus aravacha yordamida temir yo‘l relslarining sifatini aniqlash, kesishma navbatchisining vazifasi nimalardan iborat ekanligi to‘g‘risida tushunchalar berishdi.
Dilobar Mamatova, O‘zA