“Temir daftar”dan chiqarishda ko‘zbo‘yamachilik ketmaydi
Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasida “mahallabay” ishlash tizimi asosida 4-sektor tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatuvchi jurnalistlar, blogerlar, davlat organlari axborot xizmati vakillari ishtirok etdi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Shukurullo Nisbatxonov Prezidentimizning joriy yil 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat misolida “mahallabay” ishlashning yangi tizimi joriy qilinib, u yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.
Uch bosqichdan iborat bo‘lgan mazkur tizimning mohiyati hamda har bir guruhda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida tushuntirish berildi. Shuningdek, 4-sektor vakillari tomonidan xonadonma-xonadon yurib, “mahallabay” ishlash tizimi asosida olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Sektor hududidagi 222 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 164 ming 953 ta xonadon bo‘lib, ularda 842,9 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda. Ishchi guruh tomonidan o‘tgan davr mobaynida 142 ming 759 ta (87 foiz) xonadon o‘rganilib, ularda 12 ming 942 ta muammo borligi aniqlandi. Misol uchun, 7 mingdan ortiq xonadonda ishsizlik muammosi, 5 ming 935 tasida esa imtiyozli bank kreditiga ehtiyoj mavjud. Ishchi guruhi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida hozirga qadar ishsizlarning 4 ming 26 nafari ishga joylashishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, “mahallabay” ishlash tizimi asosidagi o‘rganishlar natijasida norasmiy ravishda ishlab kelayotgan 613 nafar fuqaroning tadbirkorlik faoliyati qonuniylashtirilishiga ko‘mak ko‘rsatildi. Bundan tashqari, 21 ta tadbirkorga 813,4 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘larini olishda amaliy yordam berildi.
Matbuot anjumanida mahallalarni “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganligi, xususan, bugungi kunga qadar mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, bog‘dorchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda 5 ming 935 ta loyiha asosida “mahalla drayverlari” aniqlanganligi ta’kidlab o‘tildi.
– Issiqxona qurib berish, subsidiya ajratish kabilar bilan ehtiyojmand oilalar “Temir daftar”dan tezda chiqib qolmaydi, – deydi Sh.Nisbatxonov. – Ularning doimiy daromad manbaini topib berishimiz kerak. Shu bois ham sektorimizda mazkur masalaga jiddiy e’tibor qaratganmiz. Mahalliy kengash deputatlari ularni daftardan chiqarish masalasini tizimli tahlil qilib bormoqda. Bunda aslo ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Qizg‘in bahs-munozalarga boy bo‘lgan matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA