Televizion xizmatlar – yangi formatda
Prezidentimiz rahnamoligida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omili sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Jizzax filiali tomonidan viloyatda ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotir.
Prezidentimiz rahnamoligida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omili sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Jizzax filiali tomonidan viloyatda ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotir.Davlatimiz rahbarining 2012-yil 17-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi” asosida viloyat hududini televideniye ko‘rsatuvlari bilan qamrab olishni kengaytirish hamda raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tish maqsadida “Qo‘ytosh” radio televizon stansiyasiga Yaponiyaning JBIC bankining imtiyozli krediti evaziga 2013-yil noyabr oyidan boshlab raqamli teleuzatgichlar o‘rnatilib, test rejimida ishlashni boshladi. Ayni paytda viloyat aholisini raqamli televideniye dasturlari bilan qamrab olish darajasi 70 foizga yetdi.
– Raqamli teleuzatgich aholining televizion ko‘rsatuvlarni yuqori sifat va aniq tasvirda ko‘rish imkonini oshirdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolbo‘tayev. – Bugungi kunda viloyat aholisi respublika televideniyesining 12 kanalini ko‘rmoqda.
Yangi formatdagi teleuzatuvlarni qabul qiladigan apparatlar – televizor, tyuner va modemlarni yurtimizda ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirdi. Shu kunlarda DVB-T standartidagi yer usti raqamli televideniyesi ko‘rsatuvlarni ushbu formatdagi ko‘rsatuvlarga moslangan DVB-T standartidagi tyunerlar yordamida qabul qilayotir. Bu formatdagi ko‘rsatuvlarni qo‘shimcha qurilma o‘rnatmasdan televizorga oddiy DMV antennasini ushbu tyunerga ulash orqali bemalol ko‘rish mumkin. Mazkur tyunerlar hozir mamlakatimizdagi “Telmax elektroniks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
Viloyat shahar va tumanlarida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Jizzax filialining “Yagona oyna” markazlarida aholiga servis xizmati va abonentlarga IP-TV interaktiv xizmatini ko‘rsatish joriy etilgan. Imkoniyati kengligi bois IP-TV interaktiv xizmatiga ulanish ko‘rsatgichi o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar oshdi. Bu talab borgan sari ortib bormoqda. IP-TV interaktiv xizmatida 62 telekanal mavjud bo‘lib, unda 3 kunlik arxivni ortga qaytargan holda ko‘rish imkoniyati mavjud.
Zamonaviy texnologiyalar asosida aholiga televizion xizmatlar ko‘rsatish turini ko‘paytirish davom ettirilayotir. Shu maqsadda Jizzax shahar Zargarlik mahallasidagi 15 dan ortiq ko‘p qavatli uylarga optik tolali kabel yotqizilib, yuqori tezlikdagi internet hamda IP-TV interaktiv xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining taraqqiyotini yanada tezlashtirish, sohada texnik, texnologik yangilanishni izchil amalga oshirish maqsadida xorijiy investitsiyalar ham jalb etilmoqda.
Prezidentimizning 2014-yil 3-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yer usti raqamli teleko‘rsatuv tarmog‘ini rivojlantirish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik banki va Yaponiya tijorat banklarining imtiyozli kreditini jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan yaponiyalik hamkorlar bilan yangi loyiha amalga oshirilayotir. 2013-2017-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan “O‘zbekiston Respublikasida yer usti raqamli uzatish tarmog‘ini rivojlantirish” investitsiya loyihasi doirasida Jizzax shahri va Qo‘ytosh radio televizon uzatish markaziga yangi teleuzatgichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Yangi teleuzatgichlar o‘rnatilishi bilan Jizzax shahrida telekallar soni 48, tumanlarda 24 taga yetadi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashning mustahkam huquqiy-me’yoriy asoslari yaratilgani teleko‘rsatuv xizmati sohasida zamonaviy, tezkor usullarni keng joriy etish imkoniyatini yaratmoqda. Ayni paytda axborot-kommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish dasturi doirasida eng olis qishloqlarda ham zamonaviy televizion xizmatlarni yo‘lga qo‘yish ishlari davom ettirilmoqda.