“Telegram”dagi tanishuv oqibatida chuv tushayotganlar
Xalqimizda sinalmagan otning sirtidan o‘tma, degan maqol bor. Bu hali yaxshi tanimagan, sinashta bo‘lmagan odamlarga ishonib ketavermaslik kerakligini anglatadi.
Ammo axborot texnologiyalari rivojlangan bir paytda odamlarning ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar orqali tanishishi, turli xizmat va mahsulotlar taqdim etishi ko‘paydi.
Afsuski, tarmoqlarga g‘araz niyatda kirib, o‘zgalarni chuv tushirishdek shum reja tuzayotganlar ham bor.
25 yoshli R.L. (ayol) “Telegram” messenjerida “San’at” ismli shaxs bilan tanishadi. Munosabatlar yaxshilanganidan foydalanib, yigit ayoldan pul berib turishini so‘raydi. Ayol unga jami 42 million 274 ming so‘m tashlab beradi. Ammo ayol pullarini qaytarib ololmaydi.
Shundan keyin u ichki ishlar organiga bu haqda murojaat qilgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi 23 yoshli A.S. ismli shaxs sodir etgani aniqlandi.
Aniqlanishicha, A.S. jabrlanuvchidan pul olishga erishgach, uning xabarlariga javob berish tugul, uni “qora ro‘yxat”ga kiritib tashlagan.
Yana bir holatda Farg‘ona shahrida yashovchi 40 yoshli Q.D. (ayol) “Telegram” messenjeri orqali tanishib qolgan “noma’lum shaxs” uning bank kartasiga kiberhujum bo‘layotganini, uning himoyasini ta’minlashi va buning oldini olish mumkinligini bildirib, ayolning bank kartasidan jami 6 million 231 ming so‘m miqdoridagi pulni yechib olgan.
Bu ayol ham ichki ishlar organiga murojaat qilgan. Shu asosda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi 25 yoshli K.R. jabrlanuvchi Q.D.ning telefon raqamiga soxta xabarlar jo‘natib, uni aldab “Telegram” messenjeri orqali bank kartasi kodi va sms-xabarnomani qo‘lga kiritib, pullarni o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazidan ma’lum qilishlaricha, ikki holat bo‘yicha ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunga muvofiq, bunday jinoiy harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
N.Abduraimova, O‘zA