Telefon sotuvchi firibgar ushlandi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 6 oktyabr kuni noma’lum shaxs o‘zganing mulkini aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida internet ijtimoiy tarmog‘ining “telegramm” mobil ilovasida “Apple-Optomuz” guruhini tashkil qiladi. Unda “Iphone” mobil telefonlarini imtiyozli aksiyalar asosida sotilayotganligi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtiradi.
Ushbu guruhga a’zo bo‘lgan Qorovulbozor tumani “Tinchlik” mahallasida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan fuqaroni “Iphone” mobil telefon apparatini bo‘lib to‘lash sharti bilan arzon narxda sotishini aytib aldaydi. Fuqarodan dastlabki to‘lov sifatida 1 million so‘m miqdoridagi pullarni o‘z kartasiga ko‘chirtirib oladi. Bu bilan u fuqaroga nisbatan moddiy zarar yetkazib, firibgarlik jinoyatini sodir qiladi.
Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Olib borilgan tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Andijon viloyati Shahrixon tumani “Namozgar” mahallasida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan shaxs sodir etganligi aniqlanadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA