Tejamkor texnologiyalar samarasi
Qarshi shahrida qishloq xo‘jaligi va transport tizimida tejamkor texnika va texnologiyalarni yaratish, ulardan samarali foydalanish va servis xizmatini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Qarshi shahrida qishloq xo‘jaligi va transport tizimida tejamkor texnika va texnologiyalarni yaratish, ulardan samarali foydalanish va servis xizmatini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.Qashqadaryo viloyati hokimligi, viloyat fermerlar kengashi va mashina traktor parklari birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda fermerlar, qishloq xo‘jaligi va transport sohasida ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar, yosh olimlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Transport tizimidan foydalanish va ularga servis xizmati ko‘rsatishni takomillashtirish iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. Mamlakatimizda bu borada bajarilayotgan ilmiy ishlarni tahlil qilish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi innovatsion hamkorlik natijalarini muhokama qilish, istiqbolli ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Mamlakatimizda zig‘ir, kunjut, kungaboqar kabi moyli ekinlar ekilmoqda, – deydi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassisi Komil Ostonaqulov. – Ammo ularni o‘rib-yig‘ib olish jarayonida hosilning bir qismi isrof bo‘lmoqda. Hosilni begona o‘tlardan tozalash ham jiddiy muammo hisoblanadi. Binobarin, maxsus o‘rish va urug‘larni tozalash moslamalari ishlab chiqish oldimizda turgan dolzarb vazifalardan. Shularni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etsak, sarf-xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish va hosil unumdorligini yanada oshirishga erishamiz.
Anjuman ishtirokchilariga transport tizimlaridan foydalanish va ularni boshqarish, tejamkor, innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, saqlash va dastlabki qayta ishlash texnologiyalari, muhandislik yo‘nalishlaridagi ixtisoslik fanlarini o‘qitishda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, servis texnikasi va texnologiyalari bo‘yicha qilingan ilmiy ishlanmalar haqida ma’lumotlar berildi.
– Yerni ekishga tayyorlash an’anaviy texnologiya bo‘yicha o‘g‘itlash, shudgorlash, tekislash, chizellash, boronalash, molalash va jo‘yak olish kabi ko‘p bosqichli jarayonni o‘z ichiga oladi, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti o‘qituvchisi Do‘stmurod Cho‘yanov. – Bu usul iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Boisi, mehnat unumdorligi kam, yonilg‘i sarfi ko‘p. Tuproq ortiqcha zichlanadi, ekishga tayyorlash muddati cho‘zilib ketadi. Oqibatda tuproq nami qochib, hosildorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biz taklif qilayotgan kombinatsiyalashgan agregat yuqoridagi bir necha bosqichli agrotexnik tadbirlarni bir martada bajarish imkonini beradi. Yangi moslamani amaliyotga tatbiq etish natijasida mehnat sarfi 39, yonilg‘i sarfi 46 foizga tejaladi.
Anjumanda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi, amaliy takliflar bildirildi.