Tejamkor lampalar: qulay va foydali
Mamlakatimizda 2010-yil sentabr oyida import o‘rnini bosadigan tejamkor va ixcham lyuminessensiya lampalari ishlab chiqarish boshlangan edi. O‘shanda “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida “Neo Sun Light” qo‘shma korxonasi ochilgan.
Bugungi zamonaviy sharoit energiyani tejash va tejamkor texnologiyalarni keng joriy etishni taqozo qilmoqda. Cho‘g‘lanma lampalardan energiya tejaydigan lampalarga bosqichma-bosqich o‘tilayotgani ushbu jarayonning muhim omillaridan biridir.
Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar samarasida mamlakatimiz korxonalarida energiya tejovchi lampalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimizda 2010-yil sentabr oyida import o‘rnini bosadigan tejamkor va ixcham lyuminessensiya lampalari ishlab chiqarish boshlangan edi. O‘shanda “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida “Neo Sun Light” qo‘shma korxonasi ochilgan. Korxona uchun asbob-uskunalar Xitoydan xarid qilingan bo‘lsa, ishlab chiqarish jarayoni “Philips” va “Osram” kompaniyalari texnologiyasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yildi.
“Neo Sun Light” Markaziy Osiyodagi keng turdagi lyuminessensiya lampalari ishlab chiqaradigan dastlabki korxonalardan biridir. Ishlab chiqarish jarayoni xomashyoni qayta ishlashdan to mahsulotni o‘rashgacha bo‘lgan barcha bosqichni qamrab oladi. Bu sarf-xarajatlarni tejash, mahsulot tannarxini kamaytirish imkonini bermoqda.
Tejamkor lampalar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 2011-yil 2-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Energiyani tejaydigan lampalar ishlab chiqarishni tashkil etish va ulardan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Buning samarasida “Neo Sun Light” qo‘shma korxonasi negizida energiya tejaydigan lampa ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha loyihaning ikkinchi bosqichi amalga oshirildi. Ayni paytda loyiha quvvati yiliga 15 million dona lampa bo‘lgan korxonada sakkiz turdagi lampa ishlab chiqarilmoqda.
Ushbu qarorga asosan 2014-yil avgust oyida Toshkentdagi “Vesta Electric” xorijiy korxonasi bazasida yorug‘lik diodli lampalar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihaga kiritilgan investitsiyalar hajmi 600 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Buning samarasida korxona 20 turdagi energiya tejaydigan lampa hisobidan ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika tovarlari turini kengaytirdi. Shuningdek, yuzdan ziyod kishi ish bilan ta’minlandi. 2014-yil avgust-dekabr oylarida korxonada 455,6 mingta yorug‘lik diodli lampa ishlab chiqarildi.
“Neo Sun Light” va “Vesta Electric” korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va ishonchliligiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash joiz. Lampa ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi qismlar jiddiy texnik nazoratdan o‘tkaziladi.
“Neo Sun Light” va “Vesta Electric” korxonalarining energiya tejaydigan lampalari juda kam issiqlik ajratib, ko‘zni toliqtirmaydi. Ayni paytda elektr energiyasi 80 foizgacha tejaladi. Ushbu lampalar ekologik tozaligi bilan ajralib turadi. Bunga sanitariya, ekologik va boshqa me’yorlarga javob beradigan ilg‘or usul va texnologiyalardan foydalanish hisobiga erishilmoqda.
“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yil yakunlari bo‘yicha “Neo Sun Light” va “Vesta Electric” korxonalari 4,7 million dona energiya tejaydigan lampa ishlab chiqardi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 14 million donagacha yetkazish rejalashtirilmoqda.
Ichki bozorni xalqaro standartlar talabiga javob beradigan zamonaviy energiya tejaydigan lampalar bilan to‘ldirish samarasida energiyadan foydalanishni kamaytirish va resursni tejash imkoniyati yuzaga keladi. Mamlakatimizda zamonaviy energiya tejaydigan lampalardan foydalangan holda ko‘chani yoritish tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihalari amaliyotga joriy qilinmoqda.
Mamlakatimizda energiyadan foydalanishni kamaytirish, yoqilg‘i-energetika resurslarini iqtisod qilish, energiya tejaydigan lampa ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida, tejamkorlik ko‘rsatkichi inobatga olingan holda, lampa uchun davlat standartlarini ishlab chiqish, zamonaviy tajriba laboratoriyasini tashkil etish, korxonalarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.