Teatr: yosh ijodkorlar e’tirof etildi
27-mart – “Xalqaro teatr kuni” munosabati bilan yurtimizda o‘tkazilgan “Teatr tomoshalari haftaligi” Andijon viloyatida ham yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tdi.
Haftalik doirasida Bobur nomli Andijon viloyati musiqali drama teatri, viloyat Yoshlar va Qo‘g‘irchoq teatrlari jamoalari tomonidan turli ma’naviy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi, jamoalar o‘z repertuarlaridagi asarlar namoyishi bilan teatr muxlislariga xush kayfiyat ulashdi. Tomoshalar namoyishlaridan avval teatr ijodkorlari bilan uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, haftalikning dastlabki kunlarida dramaturg Komiljon Nishonov asari asosida rejissyor Muhammadamin Jabborov tomonidan sahnalashtirilgan “Oqibat”, dramaturg Nurillo Abbosxon asari asosida rejissyor Isaqjon Ergashev tomonidan sahnalashtirilgan “Taqdir” spektakllari namoyish etildi.
Keyingi kunlari esa rejissyor Muhammadamin Jabborovning O‘tkir Hoshimov asari asosida sahnalashtirilgan “To‘ylar muborak”, Abdulla Avloniy asari asosida sahnalashtirilgan “Advokatlik osonmas”, Behbudiy asari asosida sahnalashtirilgan “Padarkush”, shuningdek, “Oy tutilgan tunda” spektakllari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Spektakllar namoyishi oldidan teatr ijodkorlari Qayumjon Shokirov, Tohirjon Matboboyev, Ilhomjon Musayev, Otinchaxon Boymatova bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar teatr muxlislarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Teatr sohasi faxriylari, ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Teatr tomoshalari haftaligi” yakuniga bag‘ishlanib viloyat teatrida o‘tkazilgan tadbirda Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhaboxon Sattarova so‘z olib, soha xodimlari, ijodkorlar va teatr muxlislarini teatr bayrami bilan muborakbod etdi.

Tadbirda madaniyat va teatr san’ati rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilib, soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, mazmunli va samarali ijodi bilan teatr ixlosmandlari e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lgan viloyat teatrlarining bir guruh yosh ijodkorlariga viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.