Teatr – tarbiya va ma’naviyat maskani
Butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham Xalqaro teatr kuni keng nishonlandi. YUNESKO qoshidagi Xalqaro teatr institutining 1961 yilda bo‘lib o‘tgan IX kongressi qarori bilan har yili 27 mart kuni Xalqaro teatr kuni sifatida jahon hamjamiyati tomonidan nishonlanadi.
Ushbu sana munosabati bilan mamlakatimizda 21-27 mart kunlari o‘tkazilgan “Teatr haftaligi” doirasida Andijon viloyatida bir qator tadbirlar o‘tkazildi, viloyatdagi teatr jamoalari tomonidan qiziqarli tomoshalar, spektakllar namoyish etildi. Jumladan, haftalik doirasida Zahiriddin Muhammad Bobur nomli viloyat teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Davlat bolalari” nomli spektaklni viloyatdagi umumta’lim maktablari ustoz va pedagoglari tomosha qilib, ulkan ma’naviy ozuqa oldi. Andijon viloyati Yoshlar teatri jamoasi esa o‘z muxlislariga H.H.Niyoziy asari asosida sahnalashtirilgan “Maysaraning ishi yoxud burungi qozilar”, “G‘aroyib hangoma” spektakllari, shuningdek, “Diydor shirin” shou tomoshasini namoyish etdi.
[gallery-11159]
Mazkur asarlar teatr ixlosmandlari, ayniqsa, teatrga ommaviy tarzda tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda tibbiyot tizimi xodimlarida unutilmas taassurot qoldirdi. Haftalik davomida viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan namoyish etilgan “Quyon endi qo‘rqmaydi”, “Alifbeni izlab”, “Maqtanchoq jo‘ja” nomli sarguzasht spektakllar bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishladi. Viloyat Qo‘g‘irchoq teatri jamoasi “Teatr tomoshalari haftaligi” ni “Musiqali choyxona” spektakli bilan yakunladi. Yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilgan haftalik doirasida bepul namoyish etilgan spektakl va tomoshalardan andijonliklar, teatr ixlosmandlari, bolajonlar katta ma’naviy ozuqa oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA