TDTU va City University of Hong Kong o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent davlat texnika universitetida Gonkongning yetakchi oliy ta’lim muassasasi City University of Hong Kong delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya, intellektual ishlab chiqarish tizimi, barqaror energetika hamda yuqori texnologiyaga asoslangan ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Shuningdek, qo‘shma ilmiy laboratoriya tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish, ikki diplomli ta’lim dasturini joriy qilish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro grant dasturlarida hamkorlikda ishtirok etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida Toshkent davlat texnika universiteti hamda City University of Hong Kong o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va akademik almashinuv yo‘nalishida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ma’lumot o‘rnida, City University of Hong Kong Osiyo – Tinch okeani mintaqasidagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet xalqaro reytingda yuqori o‘rinlarni egallab, sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili (Data Science), muhandislik va energetika sohasidagi ilmiy tadqiqotlari bilan keng e’tirof etilgan.
D.Hakimov, O‘zA