TDT – turkiy dunyo manfaati yo‘lidagi istiqbolli platforma
2021 yilgacha Turkiy kengash, deb nomlangan Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida har tomonlama do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
TDT BMT Nizomiga, maqsad va tamoyillariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsiplari va normalariga, jumladan suveren tenglik, hududiy yaxlitlik, xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar daxlsizligi, ichki ishlarga aralashmaslik kabi qadriyatlarga sodiqdir.
Tuzilmaning oliy organi Davlat rahbarlari kengashi bo‘lib, a’zo davlatlar yetakchilarining muntazam yig‘ilishlari shaklida faoliyat yuritadi, dolzarb xalqaro muammolarni hal qilish bo‘yicha hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqadi, o‘zaro munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi, tashkilot faoliyatini tahlil qiladi.
Tashqi ishlar vazirlari kengashi (TIVK) o‘z vakolati doirasida TDTning joriy faoliyatini ko‘rib chiqadi, Davlat rahbarlari kengashi majlislari uchun eng dolzarb masalalarni belgilaydi, Kotibiyatning shtat jadvali va moliyaviy hisobotini tasdiqlaydi. TIVK yig‘ilishi, odatda, Davlat rahbarlari kengashi majlisi oldidan o‘tkaziladi.
Tashkilot tarkibida Oqsoqollar kengashi va Kotibiyat mavjud. TDT shafeligida Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TurkSOY), Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi (TurkPA), Turkiy madaniyat va meros fondi, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy savdo-sanoat palatasi, Vengriyadagi vakolatxona faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston doim turkiy davlatlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishning faol ishtirokchisi va tashabbuskoridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 3 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan VI sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi Turkiy davlatlar tashkiloti tarixida burilish nuqtasi bo‘ldi.
2019 yil 14 sentyabr kuni davlatimiz Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. O‘zbekiston qo‘shilishi bilan boshqa a’zo davlatlarning faolligi sezilarli darajada oshdi. Bu tuzilmaning mintaqaviy tashkilot sifatidagi ahamiyati muntazam yuksalishida namoyon.
Davlatimiz rahbari 2019-2023 yillarda o‘tkazilgan sammitlarda TDT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 60 ga yaqin amaliy g‘oyani ilgari surgan. Bugungi kunga mazkur tashabbuslardan 42 tasi amalga oshirildi, 6 tasi yakuniy bosqichda.
Ekspertlar fikricha, 2022 yil noyabrda Samarqand mezbonlik qilgan Sammit mamlakatimizning tashkilotga raisligi boshlanishi sifatida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston raisligi davrida turizm, qishloq xo‘jaligi vazirlari yig‘ilishlari, birinchi Turkiy qishloq xo‘jaligi hamda Yosh liderlar forumlari, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Muso Al-Xorazmiy madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar, “Aqlli shaharlar” sohasidagi IT-mutaxassislari konferensiyasi, “IT-Wyeyek” va “InnoWeek.Uz” doirasida Yoshlar startaplari forumi kabi 100 dan ortiq tadbir tashkil etildi.
Shuningdek, Xavfsizlik kengashlari kotiblari, Oqsoqollar kengashi, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimi, bojxona idoralari rahbarlari, inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idoralar yetakchilari, Turkiy universitetlar ittifoqi rektorlari uchrashuvlari, Yoshlarining ilm-fan va innovatsiya xalqaro Kongressi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar salmoqli inson kapitaliga ega. Jami taxminan 150 million kishini tashkil qiladigan aholining o‘sishi o‘rtacha 2,1-2,4 foizni tashkil etadi. Demak, 2030 yilga borib tashkilotga a’zo mamlakatlar nufusi 180 millionga yetishi bashorat qilinmoqda.
Quvonarlisi, mamlakatlarimiz iqtisodiyoti jadal sur’atda rivojlanib, yillik o‘sish sur’ati o‘rtacha 6-9 foizni tashkil etmoqda. Bu Osiyo yalpi ichki mahsulotining 5,5 foiziga teng.
Bugungi kunga qadar 15 ga yaqin mamlakat turli shaklda TDT bilan hamkorlik o‘rnatish istagini bildirgan. Bu tashkilotning obro‘si, xalqaro nufuzi tobora ortayotganini ko‘rsatadi.
Turkiy davlatlar tashkilotining “Transport o‘zaro bog‘liqligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish orqali barqaror kelajakni barpo etish” mavzusidagi navbatdagi anjumani Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tashabbusi bilan joriy yil 5-6 iyul kunlari Shusha shahrida o‘tkaziladi.
Mazkur tadbirda a’zo davlatlar – Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hamda kuzatuvchi davlatlar Vengriya, Turkmaniston, Shimoliy Kipr rahbarlari, TDT Bosh kotibi ishtirok etishi kutilyapti.
Muharrama Pirmatova, O‘zA