Tatariston delegatsiyasi Buxoroda
Tatariston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Ilsur Xadiullin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi davomida Buxoroga ham keldi.
Mehmonlar dastlab Buxoro shahridagi 1-umumta’lim maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O‘quv jarayonlarining borishi, o‘qitish metodikalari bilan qiziqishdi. O‘quvchilar tomonidan taqdim etilgan tatar milliy qo‘shiq va raqslaridan iborat musiqiy chiqishlar ularni benihoya mamnun etdi.

Vazir boshchiligidagi delegatsiyaning keyingi manzili Buxoro tumanidagi 18-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda mehmonlar milliy urf-odatlarimiz asosida tantanali kutib olindi. O‘quvchilarning bayramona chiqishlari orqali o‘zbek va tatar xalqlarining o‘zaro yaqinligi, azaldan qarindoshlik va birodarlik rishtalari bilan bog‘langanligi namoyish etildi.

Mehmonlar maktab faoliyati bilan tanishish jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva mehmonlarga Buxoroning o‘ziga xos tajribasi haqida gapirib berdi. Tatariston delegatsiyasi vakillari mamlakatimizda Davlat rahbari tashabbusi bilan ta’limga berilayotgan e’tibor, o‘qituvchilarning nufuzini oshirish va yoshlarning chuqur bilim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga yuqori baho berishdi.
Tashrif davomida mehmonlar ko‘hna va boqiy Buxoroning diqqatga sazovor tarixiy joylarida bo‘lishdi.
Zarif Komilov, O‘zA